Sony flagman A6500 kamerasini taqdim qildi

Sony flagman A6500 kamerasini taqdim qildi

Yaponiyaning Sony kompaniyasi sozlanadigan optikali flagman – A6500 kamerasini namoyish qildi. Bu borada kompaniyaning maxsus blogida xabar berilgan. Mazkur model shu yilning fevral oyida chiqarilgan A6300 kamerasi va 2014 yilda tanishtirilgan A6000 modellarining davomchisi sifatida tayyorlangan.

Sony A6500 kamerasi 24,2 MPli APS-C formatidagi MP8 Exmor CMOS sensor bilan jihozlangan, 425 nuqtadagi fazali avtofokusga ega. ISO diapazoni 100 dan 51 200 gacha bo‘lgan ko‘rsatkichni tashkil qiladi. Yangi model A6300ga qaraganda tezroq suratga oladi: soniyasiga 11 ta kadr (avtofokus va 4K video bilan). Bundan tashqari, seriyali syomka vaqtida RAW formatida 307 ta kadr olish mumkin.

Flagmanga barmoq bilan fokus nuqtasini o‘zgartirishga imkon beradigan sensorli displey o‘rnatilgan, elektron XGA OLED-vidoiskateli ham ko‘zda tutilgan. Sony A6500 WiFi va NFC interfeyslarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Kamera noyabr oyida sotuvga chiqariladi. Narxi ob’yektivsiz 1400 dollar atrofida bo‘ladi.