Sony o'zining Gran Turismo poyga o'yini film adaptatsiyasining ilk treylerini chiqardi

Sony o'zining Gran Turismo poyga o'yini film adaptatsiyasining ilk treylerini chiqardi

Konsol, kompyuter yoki telefonda bo'ladimi, poyga o'yinlari barchaga yoqadi. Ular charchog'ingizni chiqarish bilan birga o'ziga xos adrenalin beradi, lekin hech eshitganmisiz – ana shunday poyga o'yinlari ortidan haqiqiy poygachi bo'lib ketganlar haqida? Ehtimol, Sony tomonidan shu yozda chiqarilishi kutilayotgan Gran Turismo o'yini adaptatsiyasida bunga guvoh bo'lasiz.

Sony Pictures Entertainment yoxud Sony kompaniyasi o'zining yana bir PlayStation o'yinlaridan biri – "Gran Turismo"ni filmga aylantirmoqda. Bu xuddi shu nom ostidagi poyga simulatori o'yinlari seriyasi, hamda, ularni shu qadar yaxshi o'ynash qobilyatiga ega bo'lgan va oxir-oqibat o'zi ham haqiqiy poygachiga aylangan o'smir Jann Mardenboro hayotiga asoslangan.

Gran Turismo (GT) – Polyphony Digital tomonidan PlayStation uchun ishlab chiqilgan poyga simulatori o'yinlari seriyasi bo'lib, u 1997-yildan beri Sony tomonidan taqdim qilib kelinadi. Hozirgacha uning 8 ta asosiy versiyalari chiqarilgan bo'lib, shu kunga qadar ular 90 million nusxadan ko'p sotilgan.

Kecha Sony yangi filmning tizerini chiqarganida uning treyleri ertaga, ya'ni bugun chiqarilishi aytgan edi va va'daga muvofiq bir necha soat avval Gran Turismo filmining ilk treyleri namoyish qilindi.

Film o'zining District 9 filmi uchun Oscar va boshqa ko'plab mukofotlarni qo'lga kiritgan Neill Blomkamp rejissyorligida suratga olingan bo'lib, unda asosiy qahramon, Jann Mardenboro roli Archi Madekwe tomonidan ijro etiladi.

Aslida Gran Turismo filmi ishlab chiqarilishi 2013-yilda boshlangan edi. 2015-yilga kelib film Jozef Kosinski rejissyorligida suratga olinishi kerak bo'lgan, biroq 2018-yilgacha filmdan darak bo'lmagan. 2022-yilning may oyi oxirida esa Gran Turismo filmi ishlab chiqilayotganligi ma'lum bo'ldi va bu iyun oyida rasman tasdiqlandi. Filmning suratga olish ishlari o'tgan yilning noyabr oyida boshlandi va o'sha yilning dekabrida yakunlandi.

Gran Turismo filmi rasman kelayotgan joriy yilning 11-avgust sanasida kinoteatrlarga chiqarilishi kutilmoqda.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!