Sony shaxsiy protsessorini yaratmoqchi

Sony shaxsiy protsessorini yaratmoqchi

Ma’lumki, mashhur “smartfonchilar”, masalan, Apple, Samsung, LG va Huawei o‘z qurilmalarini shaxsiy protsessorlar asosida ishlab chiqarmoqda. Shulardan o‘rnak olib-mi, endi Sony ham shaxsiy protsessorni yaratish ustida ish boshladi, deb yozadi Digitimes.

Sony kompaniyasi vakillarining fikricha, Apple, Samsung va Huawei singari kompaniyalar o‘z protsessoriga ega bo‘lgani uchun ham bozorda katta obro‘ va yaxshi daromad topmoqda.

Xabarlarga qaraganda, Tayvanning Global Unichip dasturchilariga mobil protsessorlar yaratish bo‘yicha bir necha osiyolik ishlab chiqaruvchilardan buyurtmalar kelib tushgan va ular orasida Sony ham bor. Hozircha protsessor haqida biror bir ma’lumot yo‘q. Biroq bu haqiqat bo‘lsa, 2016 yilda Qualcomm va MediaTek`ka raqobatchi maydonga chiqishi mumkin.

Apple kompaniyasi yangi protsessorlarni har yili iPhone va iPad lar bilan birga namoyish etadi. Samsung ham yaqinda 14-nanometrli FinFET texnologiyasi asosida yasalgan ikkinchi avlod Exynos 8890 premium-chipi haqida ma’lum qildi. Huawei kompaniyasi ulardan qolishmagan holda shu oy boshida o‘z protsessorlarini taqdim etdi. HiSilicon Kirin 950 16-nanometrli texnojarayon asosida bajarilgan. Kompaniya bergan bahoga ko‘ra, uning samaradorligi HiSilicon Kirin 930 dan ikki karra ustun. O‘z navbatida LG kompaniyasi ham Nuclun protsessorlarining ikkinchi avlodini sinovdan o‘tkazmoqda.

Shunday ekan, Sony kompaniyasi bugungi kuchli raqobat sharoitida yangi strategiyalarni ko‘rib chiqishga majbur. Zero, oktyabr oyi yakunidagi natijalarga qaraganda, dunyo bozorida kompaniya smartfonlari savdosi pasayib ketgan. Azaldan o‘z an’analari va muxlislariga ega brend nufuzini boy berib qo‘ymaslik uchun ham yangiliklarga muxtoj, deb yozadi xorijiy ommaviy axborot vositalari.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!