SpaceX tarixda ilk bor 1 raketani 2 marta fazoga uchirishga erishdi

SpaceX tarixda ilk bor 1 raketani 2 marta fazoga uchirishga erishdi

Elon Maskning SpaceX kosmik texnika va texnologiyalar ishlab chiqaruvchi kompaniyasi insoniyat tarixida ilk marotaba foydalanilgan raketani fazoga ikkinchi marotaba uchirishga va Yerga qayta qo‘ndirishga muvaffaq bo‘ldi. 31 mart kuni Falcon 9 nomli raketa Lyuksemburgga tegishli kompaniyalardan birining sun’iy yo‘ldoshini orbitaga yetkazib bergan. Raketa Atlantika okeaniga qo‘ndirilgan va ayni paytda o‘z platformasiga qaytarilgan. Buni 15 yildan buyon izlanishlar olib borayotgan SpaceX kompaniyasining ilk mevasi, deyish mumkin.

Mazkur tajriba jarayoni Mars sayyorasida o‘z shaharchasiga asos solish orqali Yer va boshqa sayyoralar o‘rtasida aero-qatnovni yo‘lga qo‘yish istagidagi Elon Maskning qarashlarini amalda isbotlamoqda.

Ma’lumki, kosmosga sayohat qilishda eng katta xarajat raketalar yaratish uchun qilinadi. Foydalanilgan raketalardan qayta foydalanish borasida Elon Mask va Amazon.com Inc. asoschisi Jeff Bezosning fikrlari bir vaqtlar mutaxassislar tomonidan aqlbovar qilmas, kulgili g‘oya sifatida qabul qilingan edi.

Elon Mask mazkur qatnovlarda bitta raketadan bir necha marotaba foydalanish taklifini bir necha yillardan beri ilgari surib keladi. Mana, yillar o‘tib bu g‘oya o‘zini oqladi. Misol uchun, $62 million dollar evaziga bunyod etilgan Falcon 9 raketasidan ham sayyoralararo havo reyslarida foydalanish parvoz sarf-xarajatlarining keskin qisqarishiga xizmat qiladi.

“To‘g‘risi o‘zim ham gangib qoldim. Barcha rad etgan g‘oyaning amalda ijobiy yakun topgani faqat SpaceX uchun emas, kosmik sanoat uchun ham chindan buyuk hodisa. Bu kosmosga sayohat orzusi yo‘lidagi insoniyat uchun ulkan texnologik inqilob bo‘ldi”, deydi 45 yoshli Elon Mask. NASA esa bu voqeaga nisbatan Twitter tarmog‘idagi sahifasida “SpaceX’ni yana bir tarixiy parvoz bilan tabriklaymiz!” munosabatni qoldirgan.

SpaceX 2017 yilda orbitaga hozircha 4 ta raketa uchirgan va joriy yilda jami 24 tagacha raketa uchirishni reja qilgan. Keyinchalik astronavtlar boshchiligidagi maxsus ekipajlarni ham samoga uchirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Xususan, janob Mask 2018 yilda yirik miqdorda mablag‘ tikkan 2 nafar fuqaroni 1 haftalik kosmik sayohatga yuborish tadorigini ko‘rmoqda.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.