“Startap tashabbuslari” dasturi 33 ta startap loyihalarni ishga tushirishda yordam beradi

“Startap tashabbuslari” dasturi 33 ta startap loyihalarni ishga tushirishda yordam beradi

Uz24.Uz‘ning yozishicha, Respublikamizda yoshlar tomonidan ishlab chiqilgan startap tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan uch oylik Dastur start oldi.

Dasturga AKT va ma’lumot xavfsizligi, qishloq xo‘jaligi, transport va yo‘l infratuzilmasi, tibbiyot, moliya va to‘lov tizimlari, “aqlli uy”, tekstil va moda, Internet of Things (“Narsalar interneti”), restoran biznesi, ta’lim, huquqshunoslik va boshqa shu kabi sohalarga taalluqli loyihalar kiritildi.

Ushbu dastur doirasida yosh startap loyihachilar “kamchiqim startap” (Lean Startup) uslubiyati, loyihani rivojlantirish borasida maxsus yo‘l xaritasini tuzish, prototip yaratish, dastlabki sotuvlarni tashkil etish kabilar haqida ma’lumot beriladi. Dastur jarayonida ishtirokchilar “trekerlar” (ya’ni jamoaning rivojlanishini kuzatuvchi va jamoa oldiga qo‘yilgan maqsadlarga erishish masalalari bo‘yicha unga tegishli tavsiyalar beruvchi tajribali ustozlar) bilan maslahatlashishi hamda har haftalik “trekshn-uchrashuvlar”, ya’ni “trekerlar” bilan loyiha rivojlanishi masalalarini muhokama etish uchun tashkil etiladigan yig‘ilishlarda qatnashib, o‘z xatolarini belgilashi, ularni o‘rganib bartaraf etish imkoniga ega bo‘ladi.

Mazkur uch oylik dastur yakunlari asosida loyiha mualliflari o‘z ishlarini Demo Day, ya’ni taqdimot kunida potensial sarmoyadorlarga, investorlarga taqdim etishi kutiladi.

Eslatib o‘tish lozimki, ushbu dasturga tanlov joriy yilning boshida ochiq deb e’lon qilingan edi. Dastur ochilishidan uch oy o‘tar-o‘tmas Toshkent shahri va O‘zbekistonning boshqa viloyatlaridagi 33 ta oliy ta’lim muassasadan 308 ta ariza qabul qilindi. Dastlabki tanlov natijalari asosida 196 loyiha tanlab olinib, ushbu loyiha mualliflari bilan suhbat o‘tkazildi. Ushbu mualliflarning 66 nafari loyihalarni taqdim etish qobiliyat va ko‘nikmalarini rivojlantirish mavzusiga bag‘ishlangan maxsus treninglarda qatnashib, yakka tartibda tajribali “trekerlar” bilan yaqindan ishlashga muvaffaq bo‘ldi. 57 ta loyiha yakuniy bosqichga o‘tib, ekspertlar jamoasi ishtirokidagi kengaytirilgan taqdimot yig‘ilishida muhokama etildi. Yig‘ilishga taklif etilgan ekspertlar turli vazirlik va davlat idoralari, xususiy sektor, NNT va boshqa turdagi tashkilotlar vakillari bo‘lib, taqdim etilgan loyihalarni rivojlantirish yuzasidan o‘z tavsiya va maslahatlarini berdi.
Aytib o‘tish joizki, mazkur tashabbus O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va BMT Taraqqiyot Dasturining “O‘zbekiston biznes forumi (3-bosqich)” qo‘shma loyihasi doirasidagi inklyuziv biznes modellarini ilgari surish yo‘nalishining bir qismi sifatida amalga oshirilmoqda. Loyihaning mazkur yo‘nalishi yangi ish o‘rinlarini yaratish, yoshlarning bandligini ta’minlash, mamlakat aholisining farovonligini oshirish kabi maqsadlarga bag‘ishlangan.

Dasturga Janubiy Afrikaning Sasol kompaniyasi, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamda Evropa Ittifoqining “Boshqaruv kadrlarni tayyorlash dasturi” moliyaviy yordam ko‘rsatadi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!