"Stiv Jobs teatri" iPhone 8 taqdimotiga tayyor

San-Fransiskodagi Santa-Klara vodiysida, ya’ni “Kremniy vodiysi” deb nom olgan hudud markazida joylashgan, yirik doira shaklida qad rostlagan 4 qavatli Apple Park shtab-kvartirasi  hududida kompaniya asoschisi Stiv Jobs nomiga qo‘yilgan teatr faoliyat ko‘rsatadi. Stiv Jobs mazkur futuristik shtab kvartira g‘oyasini 2011 yilda, o‘limidan 4 oy avval olg‘a surgan edi.

Aftidan, Apple bu yil taqdimot uchun qimmatbaho saroylarni ijaraga olish an’anasidan voz kechadi. The Wall Street Journal nashrining yozishicha,  iPhone 8 taqdimoti shu yilning 12 sentyabrida  mazkur kampusda joylashgan "Stiv Jobs nomidagi teatr"da bo‘lib o‘tadi. Korporatsiyaning yangi shtab-kvartirasi mehmonlarni kutib olishga deyarli tayyor.

Apple so‘nggi 2 yildan buyon taqdimotlarini Bill Graham Civic Auditorium (San-Fransisko) konsert saroyida o‘tkazib kelayotgan edi. Bu saroy 8 500 kishiga mo‘ljallangan. Stiv Jobs teatri 1000 o‘rinlik ekani hisobga olinsa, Apple iPhone 8 namoyishini tor doirada o‘tkazishni reja qilmoqda.

Taqdimotda iPhone 8 bilan birga, iPhone 7s hamda iPhone 7s Plus ayfon modellari, shuningdek Apple Watch Series 3 smart-vochi, 4K texnologiyani qo‘llab-quvvatlaydigan Apple TV pristavkasi namoyish qilinadi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!