Sulon Q: dunyodagi ilk simsiz VR-shlem

Sulon Q: dunyodagi ilk simsiz VR-shlem

Bugunga qadar savdoga chiqarilayotgan virtual voqelik shlemlarining bir kamchiligi bor – ular kuchli kompyuterga ulanishi lozim. Bu esa nafaqat qurilma narxining oshishiga, balki ulanuvchi simlar sababli noqulayliklarning vujudga kelishiga ham sabab bo‘lmoqda. Sulon Technologies kompaniyasi ayni shu muammoni bartaraf etish maqsadida AMD kompaniyasi bilan hamkorlikda to‘liq avtonomlashtirilgan Sulon Q shlemini ishlab chiqishga kirishdi.

Yangi qurilmada foydalanuvchilar harakatni nazorat qiluvchi maxsus tizimni o‘rnatishi shart emas. Bu vazifani ichki datchiklar va old paneldagi ikkita kamera bajarib, ular real vaqt rejimida tevarak atrofning 3D-xaritasini tuzadi. Sulon Q piksellar sig‘imi 2560×1440 nuqta bo‘lgan OLED-displey, to‘rt yadroli AMD FX-8800P protsessori, DirectX 12 va Vulkan texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlaydigan Radeon R7 grafikasi bilan ta’minlangan. Shuningdek, qurilma 256 Gb hajmli doimiy hamda 8 Gb tezkor xotiraga ega. Gadjetning ko‘rish burchagi 110 darajani tashkil etadi. Operatsion sistema sifatida Windows 10 qo‘llanilgan.

Sulon Q shlemida qo‘shimcha reallik rejimi va xatti-harakatlarni aniqlash funksiyasi ham mavjud bo‘ladi. VR-shlem taqdimoti 15 mart kuni GDC 2016 ko‘rgazmasi doirasida tashkil etiladigan maxsus AMD marosimida bo‘lib o‘tdi. Sulon Q narxi haqida ma’lumotlar mavjud emas.