Suvga tushgan smartfonni quritish sirlari

Suvga tushgan smartfonni quritish sirlari

Smartfonni qancha avaylab-asramang, ba’zida kichik ehtiyotsizlik tufayli telefon suvga tushib ketishi, ustiga sv to‘kilishi holatlari ham kuzatiladi. Hattoki, bugungi kundagi suv ta’siriga bardoshli smartfonlar ham o‘zining bu “qobiliyat”ini oqlamasligi mumkin. Qo‘l telefoniga suv tekkanini sezishingiz bilan uni asrash uchun quyidagi choralarga amal qiling.

Telefonni zudlik bilan suvdan oling va uni o‘chiring.

Qo‘lingizdagi gadjet iPhone 7 yoki Samsung Galaxy S7 kabi suvdan qo‘rqmas smartfonlar bo‘lmasa, uni suvdan olib, zudlik bilan o‘chiring.

Imkon bo‘lsa, batareya va SIM-kartani ajratib oling
Smartfonga suv tekkanda eng katta zararlanadigan qismlardan biri, bu — akkumulyator. Shu bois, akkumulyator ajralib olinadigan bo‘lsa, avvalo uni yechib oling va qog‘oz-sochiq yoki yumshoq, namni oladigan matoga o‘rang.
Garchi, SIM-karta suvga chidamli bo‘lsa ham, uni ham smartfon korpusida oling. Shuningdek, Micro SD xotira kartasini ham olib qo‘ying.

Telefonni changyutkich bilan ham quritish mumkin
Bir tomchi suv ham qo‘l telefonini ishdan chiqarishi mumkin. Smartfon korpusini yengil silkitib, suvni yumshoq sochiqqa shimdiring.
Shuningdek, korpusdagi namlikni chang yutkich orqali ham quritish mumkin. Buning uchun chang yutkichni 20 daqiqa mobaynida smartfonga yaqinroq tuting. Ehtiyot bo‘ling, changyutkich va smartfon o‘rtasida masofa qoldiring.
Ammo, smartfonni asrab qolish uchun, uni aslo soch quritadigan fen bilan qurita ko‘rmang. Aks holda, fen korpusdagi suvni parlatib, ichkariroq haydaydi.

Suvdan zarar ko‘rgan smartfonni guruchli idishga solib qo‘ying
Guruch o‘ziga namni yaxshi tortadi. Shuning uchun smartfonni bir tun davomida guruch ichiga solib qo‘ying.
Shuningdek, telefonni silikat geli (yangi oyoq kiyim qadog‘idan chiqadigan shaffof sharchalar) bilan bir tunga havo o‘tkazmaydigan sumkaga solib qo‘ying. Bu kimyoviy modda namni o‘ziga oladi.

Smartfonni shamol aylnib, quyosh nuri tushib turgan yerga qo‘yish ham foydali.

Sabrli bo‘ling
Namiqqan smartfon o‘ziga kelishi uchun kamida 24 soat kerak bo‘ladi. Shu vaqt oralig‘ida uni yoqa ko‘rmang. Shunda ham undagi nam ta’sirini sezsangiz, yana bir oz kuting.

Sinab ko‘ring
Smartfonni yoqqach, uning faoliyatida biror o‘zgarish bor-yo‘qligiga diqqat qiling. Hammasi joyida bo‘lsa, foydalanishda davom eting.