Tadqiqot: Snapchat va Instagram yoshlar uchun tahdidli

Tadqiqot: Snapchat va Instagram yoshlar uchun tahdidli

Buyuk Britaniyada tashkil etilgan tadqiqot biz doimo xavfsirab yurgan taxminning haqiqat ekanini isbotladi: ijtimoiy tarmoq, xususan Instagram hamda Snapchat xizmatlari o‘smirlar hayotiga jiddiy xavf solmoqda.

“Ongning holati” nomi bilan nashr qilingan ilmiy izlanishlar Buyuk Britaniya Qirollik jamiyatining olimlari tomonidan tayyorlangan. Tadqiqot davomida 14-24 yoshli 1,479 nafar britaniyalik yoshlar ishtirok etdilar.

Ulardan internetdan foydalanish chog‘ida ijtimoiy tarmoqning qanday ta’sir qilishi xususida savollar so‘ralgan. Jumladan, yoshlardan u yerdagi o‘z tanasini ko‘z-ko‘z qilayotgan odamlarning surati, haqoratlar, shuningdek uyqusizlikning ta’siri haqida so‘ralgan.

Natijalar, ayniqsa Instagram va Snapchat yosh avlod ruhiyatiga va salomatligiga ta’sir qilayotgan eng yomon tarmoqlar ekanini ko‘rsatmoqda. Jumladan, britaniyalik o‘smirlar uchun tarmoqlardagi yarim-yalang‘och suratlar, haqorat va qahr-g‘azab aks etgan kontent tahdidli.

So‘rovlar Twitter va Facebook ham yoshlarga salbiy ta’sir qilishini, YouTube nisbatan ijobiy kayfiyat uyg‘otishini ko‘rsatmoqda. Boisi, Snapchat va Instagram asosan suratlarga mo‘ljallangan ilovalar bo‘lib, odam xohlaydimi, yo‘qmi u yerda e’lon qilinayotgan suratlardagi hayot bilan o‘zining hayotini taqqoslaydi.

O‘z do‘stining maza qilib sohil bo‘yida yoki tungi klublarda dam olayotganini ko‘rgan o‘smir hayotning muhim damlarini qo‘ldan boy berayotganini his qiladi va nima qilib bo‘lsa ham, u ham shunday hayot tarzida bo‘lishni afzal ko‘radi. Aks holda, undagi tushkunlik, umidsizlik avj oladi, hayotdan tez sovib qoladi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!