Tadqiqot: zamonaviy o‘smirlarning 95 foizida kamida bitta gadjet mavjud

Tadqiqot: zamonaviy o‘smirlarning 95 foizida kamida bitta gadjet mavjud

Ishonish qiyin, ammo yaqindagina internetga kiruvchilarning asosiy vositasi bo‘lgan dial-up modemning yoqimsiz chiyillashini umuman eshitib ko‘rmagan avlod shakllandi. Hozirgi yoshlar oxirgi texnologiyalar asosida internetga kirib, o‘zaro muloqotga kirishib, ma’lumot olib kelishmoqda. Bu haqda Sof.uz yozmoqda.

Hozirgi 15 yashar o‘smirning kamida bitta mediagadjeti, Facebook’da umuman notanish 78 nafar «do‘st»i bor, deyiladi xabarda.

Aniqlanishicha, zamonaviy bolalar ham o‘zlarini internetda xuddi kattalardek tuta olishadi. Bundan tashqari, ular o‘z smartfon yoki planshetlaridan bir dam ham ajralgilari kelmaydi, Facebook va boshqa ijtimoiy tarmoqlarga kuniga o‘n martalab kirishadi. Tag‘in kimligini bilmay turib, birovlarni o‘z «do‘st»lari safiga qo‘shib qo‘yishadi.

Ota-onalarning 79 foizi farzandlari bilan internet xavfsizligi borasida suhbatlashish lozim, deb hisoblaydi. Ammo Mashable so‘rovida qatnashganlarning yarmidan ko‘pi vaqti-vaqti bilan internetdagi pornografiya yoki shafqatsizlikka guvoh bo‘lishgan.

Bularning barchasi zamonaviy texnologiyalarning foydali jihatlarini rad etmagan holda, zararlarini ham nazardan qochirmaslik kerakligini ko‘rsatmoqda. Xususan, o‘sib kelayotgan yosh avlodni loaqal ba’zi-ba’zida smartfon, planshet yoki kompyuteridan ma’lum muddatga voz kechib turishga ko‘niktirib borish kerak, deb yozadi Look At Me nashri.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!