Tahlil: 3000 dollarlik smartfonlar davrigacha oz qoldi

Tahlil: 3000 dollarlik smartfonlar davrigacha oz qoldi

Huawei Mate 10 narxini bilasizmi? Bu smartfon shu oydan boshlab 825 AQSh dollaridan sotuvga chiqariladi. Huawei Mate 10 Pro esa avvaliga Yevropada noyabrda sotuvga chiqariladi. Uning eng arzon talqini (128 Gb) 944 hamda yuqori versiyadagi (256 gigabaytli Porsche dizayni) 1,645 dollardan sotiladi. Avvalgi yilgi flagman bo‘lgan Huawei Mate 9 esa yurtimizda o‘rtacha 5 million so‘mdan sotilmoqda. O‘rtadagi narx farqi juda katta.

Samsung Galaxy Note 8 fableti uchun esa koreyalik ishlab chiqaruvchi $930 dollar narx belgilagan. Jahon bozoriga bu smartfon kamida 1000 AQSh dollaridan sotiladi. 2016 yilning 19 avgustidan sotuvga chiqarilgan avvalgi flagman Galaxy Note 7 esa jahon bozoriga 750 AQSh dollari narxida sotuvga chiqarilgan edi.

Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Galaxy Note 8 qismlarining yalpi qiymati 350 dollarga teng. Ma’lumot o‘rnida, Galaxy Note 7 modelini ishlab chiqarishga 290 dollar ketgan. Marketing va boshqa xarajatlar bilan hisobalaganda, yana 100 dollardan xarajatni qo‘shish mumkin. Biroq, Galaxy Note 8'ning ming dollarga baholangani -- kompaniyaning narx borasidagi xato siyosatidan darak beradi.

64 gigabaytli xotiraga ega 4.7 dyuymli iPhone 8'ning har biri uchun kupertinolik ishlab chiqaruvchi butlovchi qism yetkazib beruvchi va ularni yig‘adigan kompaniyalarga jami 247,51 dollar miqdorida pul to‘lab beradi. Marketing, reklama, kafolat va boshqa xarajatlar uchun yana 100 dollar hisoblagan taqdirda ham, uning narxi o‘zini oqlamaydi. Apple bu flagmanning har birini 700 dollardan sotilishini e’lon qilgan.

So‘nggi yillarda yangi innovatsiyalarning joriy qilinishi evaziga smartfon tayyorlash xarajatlarining oshishi kuzatilmoqda. Shunday bo‘lsa ham, bu qimmatlashuv smartfon xarid qilish sur’atiga ta’sir qilayotgani yo‘q.

Smartfon bozoridagi vaziyatni tadqiq qilgan marketologlarning fikricha, shu yilning boshidan buyon sayyoramizda smartfonga bo‘lgan ehtiyoj 3% ga oshgan. Ya’ni, 367 million dona mobil aloqa vositasi sotilgan. Joriy yilning 3-choragiga ko‘ra, smartfon narxi oldingi yildagiga nisbata 7% ga oshgan.

Bir qaraganda farq u qadar yuqori bo‘lmasligi mumkin. Biroq, narxning o‘sish sur’ati diqqatni tortadi. Jahon smartfon bozorida $1000 dollarlik gadjet borligining o‘zi -- kutilmagan holat. Go‘yoki ishlab chiqaruvchilar haddan ziyod insofsizlik qilayotgandek. Shu bilan birga, qimmat narsa doimo diqqatni tortgan. Ishlab chiqaruvchilar misoli narx borasida ham poyga o‘ynayotgandek.

Bugun brend, an’ana, hasham, kibr, manmansirash kabi odatlar, qolaversa innovatsiyani his qilish ishtiyoqi ta’sirida ming dollarlik smartfonlarni ikkilanmay xarid qilish urfga aylandi. Ishlab chiqaruvchilar esa bundan ilhomlanib yanada qimmatbaho gadjetlarni taqdim qilishmoqda. Ekspertlarning fikricha, bu ehtiyoj 2020 yilda smartfon bozorida 3 ming dollarlik smartfonlarning paydo bo‘lishiga olib keladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!