TATU o‘qituvchi va talabalari 3D-printer orqali harakatlanadigan maxsus robot yaratdi

TATU o‘qituvchi va talabalari 3D-printer orqali harakatlanadigan maxsus robot yaratdi

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining professor-o‘qituvchilari va iqtidorli talabalari tomonidan 3D-printerlar yordamida qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu haqda «Xalq so‘zi» gazetasiga asoslangan holda, Daryo.uz xabar bermoqda.

Multimedia texnologiyalari kafedrasi assistenti Jonibek Tojiyev 3D-printer orqali odamdek harakatlana oladigan maxsus robot yaratgan. «Aql gimnastikasi» bo‘lmish shaxmat o‘ynay oladigan robot, qo‘l protezi ham ana shunday izlanishlar samarasidir.

Bularning barchasi ishlab chiqarish hamda tibbiyotning turli jabhalarida keng qo‘llanilishi mumkin. Masalan, «shaxmatchi robot» kimyoviy reaksiyalar va fizikaviy jarayonlarni boshqarishga mo‘ljallangan. Chunki u mantiqiy fikrlay oladi, vaziyatni baholash hamda tahlil qilishga qodir.

Odamdek yuradigan robot «Servo» motoridan foydalanilgani tufayli bemalol harakatlanib, yo‘ldagi to‘siqlarni aniqlaydi va ularni hatlab o‘ta oladi. Qolaversa, bu robot hatto to‘p o‘ynashi ham mumkin.

Qurilma dasturlashtirilgan topshiriq hamda harakatlarni bajaradi, odam kirishi qiyin bo‘lgan yoki aholi salomatligiga xavf solishi mumkin bo‘lgan vazifalarni bajarishda qatnashish xususiyatiga ega. Kimyo sanoati korxonalarida yoki favqulodda holatlar oqibatlarini bartaraf etishda ham uning xizmatidan foydalanish mumkin.

— Talabalar, universitet xodimlari hozircha ikkita 3D-printerdan modellashtirish uchun faol foydalanmoqda, — deydi Jonibek Tojiyev. —Bunday qurilmalar bir qator oliy ta’lim muassasalaridagina ishlatiladi, xolos. Vaholanki, dunyoning turli mamlakatlarida ulardan keng foydalanilayapti. Biz hozircha tibbiyot sohasida, aniqroq aytadigan bo‘lsak, zamonaviy protezlar tayyorlashda 3D-printerlardan foydalanishga ko‘proq urg‘u beryapmiz. Kelajakda istiqbolli yo‘nalishlarda ham ushbu qurilmani jadal qo‘llash choralarini ko‘ramiz.