Rasman: Telegram cheklanishi ortidan AKT vaziri va bosh vazir maslahatchisi ishdan olindi

Rasman: Telegram cheklanishi ortidan AKT vaziri va bosh vazir maslahatchisi ishdan olindi

O‘zbekiston Prezidentining farmoniga asosan, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov o‘z lavozimidan ozod qilindi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, Shuhrat Sodiqov (1969 yilda tug‘ilgan) 2010 yildan Vazirlar Mahkamasida Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha axborot-tahlil departamenti mudiri bo‘lib ishlagan. Avvalroq 2008-2010 yillarda «O‘zbektelekom» kompaniyasi bosh direktori, 2006-2008 yillarda shu kompaniya bosh direktori o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatgan. U 2018 yildan buyon AKT vaziri lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Shuningdek, hukumat qarori bilan bosh vazir maslahatchisi — IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i Olimjon Umarov ham lavozimidan ozod qilindi. Bu haqda hukumatning tegishli qaroriga tayanib, Telegram’dagi «Davletovuz» kanali xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, Olimjon Umarov (1985 yilda tug‘ilgan), oliy ma’lumotli. 2007 yilda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetini, 2017 yilda Songyungvan universitetini (Janubiy Koreya) tamomlagan. U 2017-2020 yillarda AKT vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan, 2020 yil mayida O‘zbekiston bosh vazirining maslahatchisi — IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlangan edi.