Telegram’da “Qo‘ng‘iroqlar” funksiyasi ishga tushdi

Telegram’da “Qo‘ng‘iroqlar” funksiyasi ishga tushdi

Shu yilning 17 yanvar kuni Telegram asoschisi Pavel Durov ilova jamoasi qo‘ng‘iroqlar funksiyasini ishga tushirish bo‘yicha ish olib borayotganini e’lon qilgan edi. Nihoyat, Telegram Info kanalining ma’lum qilishicha, Telegram Beta ilovasida qo‘ng‘iroqlarni eng yuqori darajada shifrlab, kuchli himoyani va’da qilayotgan “Calls” xizmati sinov tariqasida ishga tushirildi. Ayni paytda ushbu funksiyadan Android tizimida ishlaydigan smartfon egalari foydalana oladilar.

Telegram’da sms-xabarlashgan kabi, bu xizmatdan foydalanganda ham telefon raqamiga hojat yo‘q: aloqadagilar orasidan kerakli foydalanuvchini tanlab, qo‘ng‘iroqni amalga oshirish mumkin. Telegram News botining ma’lum qilishicha, foydalanuvchi unga kim qo‘ng‘iroq qilishi, jumladan barcha Telegram foydalanuvchilar, uning aloqa ro‘yxatida bo‘lganlar yoki hech kim qo‘ng‘iroq qilmasligini nazorat qila oladi.

Ushbu qulaylikdan foydalanish istagida bo‘lganlar ilovaning sinov talqinini @tgrambeta kanalidan yuklab olib, o‘rnatishlari, so‘ng messenjerning sozlamalariga kirib, «Switch Backend» tugmasini faollashtirib, qayta ro‘yxatdan o‘tishlari kerak bo‘ladi. Shundan so‘ng bu sinov talqinidan foydalanayotganlarning ro‘yxati paydo bo‘ladi. Ya’ni, siz qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘lgan odam ham aynan shu beta-versiyani yoqishi kerak bo‘ladi. Odatiy aloqa ekraniga qaytish uchun esa yana sozlamalarga kirib, Switch bakkend punktini faolsizlantirish kerak bo‘ladi.

Calls xizmatidan foydalanib ko‘rganlarning fikricha, mobil internet va Wi-Fi orqali aloqa qurganda aloqaning sifati yuqori darajada bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu jihat uzog‘i bilan 5 hafta ichida to‘liq ishga tushiriladi.

Bungacha Telegram messenjerining raqibi bo‘lgan Facebook’ning WhatsApp xizmati ham 2016 yilda video hamda audio qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish funksiyalarini joriy qilgan edi. Shuningdek, bu qulaylik Viber messenjerida ham yaratilgan.