Telegram-kanalni qanday yuritgan ma’qul?

  •   DiMaX
  •  2122
  •  19.05.2017 11:41

Telegram-kanalni qanday yuritgan ma’qul?

Telegram’da kanal ochish – o‘zingizga yoqqan narsa-hodisalar haqida so‘zlab berishning va bunga qiziquvchi sifatli auditoriya to‘plashning yaxshi usuli. Biroq kanalni to‘g‘ri yuritmasangiz, u holda uning obunachilari soni o‘smasdan qolaveradi.

Layfxaker sayti buning oldini olish uchun quyidagi beshta maslahatini taqdim etadi.

  1. Asosiy mavzudan chetlashmang va o‘z fikringizni ortiqcha tiqishtirmang.

Kanal uchun mavzuni belgilab oldingizmi – unga qat’iy amal qiling. Dunyoda qiziqarli voqealar ko‘p, ulardan ko‘pchiligi haqida boshqalarga gapirib bergingiz, bu borada o‘z nuqtai nazaringizni bayon etgingiz kelishi mumkin. Biroq foydalanuvchilar kanalingizga muayyan bir mavzudagi kontent uchun obuna bo‘lishgan. Ikkita o‘rtamiyona futbol jamoasining o‘yinidan olgan taassurotlaringiz ularga qiziq bo‘lmasa kerak.

Aynan shuning uchun ham o‘z fikringizni bildirishda ehtiyotkorroq bo‘ling. Agarda siz kanalni shaxsiy blog tarzida yuritmayotgan bo‘lsangiz, unda kontent mazmunida me’yordan oshmaganingiz ma’qul.

  1. Judayam tez-tez post qo‘ymang.

Kanalga post chiqarish uchun eng maqbul oraliqni belgilash mushkul, chunki buning uchun auditoriyangiz faolligini tahlil etishingiz darkor. Ammo esda tuting: tez-tez post joylagandan ko‘ra, ularni siyraklatish yaxshiroq. O‘rtacha foydalanuvchi 2–10 ta kanalga obuna bo‘ladi. Agar shularning har biridan kuniga bir nechta bildirishnoma keladigan bo‘lsa, ularning barchasini ochib ko‘rishga vaqti yo hafsalasi yetishmasligi mumkin.

Qaysidir kanallarda kuniga 2–3 marta post chiqarish odat tusiga kirgan. Boshqalari kuniga bitta, ayrimlari esa haftada bir-ikkita post bilan ham cheklanishadi. Ba’zilari bo‘lsa kuniga 10-15 ta post bilan obunachilarning joniga tegishga ham ulgurishadi.

  1. Murakkablashtirib yubormang, ixchamroq formatga soling.

Telegram’ga kishilar biror nima o‘qib o‘tirish uchun kirishmaydi. Messenjerning formati buni qabul qilmaydi. Shu bois, publikatsiyalarni imkon qadar ixchamlashtiring. Agar baribir sal kattaroq matn qo‘yishga to‘g‘ri keladigan bo‘lsa, uni formatlang – shunda o‘quvchi zerikmaydi. Buning uchun Markdown belgilarini qo‘llovchi botlar mavjud. Biroq bu borada ham haddan oshib ketmang, o‘zining ichki dizayneringizni saqlab qoling.

  1. Reklama borasida insofli bo‘ling.

Telegram auditoriyasi reklamadan qachon bezor bo‘lmaydi – qachonki ularning soni haddan oshib ketmasa va e’lonlar mazmuni jig‘iga tegadigan bo‘lmasa. Shu bois, postlaringizda «mana bu kartochka shaklidagi ajabtovur yig‘ma pichoq haqidagi ma’lumotni mutlaqo tasodifan uchratib qolganingiz va uni FAQAT BUGUN atigi 99999 so‘mga sotib olish mumkinligi»ni yozmaganingiz ma’qul.

  1. Auditoriyani tadqiq eting.

Kanal auditoriyasining jalb etilganligini kuzatish uchun qo‘llanuvchi jihozlar Telegram’da ko‘p emas. Odatda siz faqat obunachilaringiz sonini hamda har bir publikatsiyangizni qancha kishi ko‘rganini kuzata olasiz.

Bularga qo‘shimcha tarzda kanalingizda so‘rovnomalar o‘tkazishingiz mumkin. Agarda obunachilaringiz soni 2000 nafardan oshsa-yu, lekin so‘rovnomada atigi 50 tacha kishi qatnashsa, demak, siz nimanidir noto‘g‘ri qilyapsiz ekan – kontentingiz auditoriya uchun qiziqarli bo‘lmayapti.

Yuqoridagilarga qo‘shimcha tarzda, Telegram-kanallarning turli yo‘nalishlardagi birinchi va qiz-ayollarga bag‘ishlangan ikkinchi to‘plamiga, rus tilini o‘rganuvchilarga atalgan uchinchi hamda kinomanlarga mo‘ljallangan to‘rtinchi to‘plamiga ham nazar solishingizni tavsiya etamiz.

Shuningdek, Telegram’dagi eng yaxshi botlar haqidagi maqolamiz va ularning 2-to‘plami ham sizning e’tiboringizni tortsa kerak.

Darvoqe, saytimizning 7000 nafardan oshiq obunachisi bo‘lgan «Terabayt.uz – Xabarlar» (@terabaytuz) hamda 1900 nafardan ziyod foydalanuvchi kuzatib kelayotgan «Terabayt.uz-Texno bozor» (@teramarket) kanallariga ham obuna bo‘lgansiz-a?