Telegram stiker dizaynerlariga yarim yilda 450 ming dollar to‘ladi

Telegram stiker dizaynerlariga yarim yilda 450 ming dollar to‘ladi

Telegram tomonidan so‘nggi o‘tgan olti oy davomida stikerpak mualliflariga 450 ming dollar miqdorida mablag‘ to‘langan. Bu haqda messenjerning kreativ direktori Andrey Yakovenko o‘zining “VKontakte” tarmog‘idagi sahifasida xabar bergan.

Yakovenkoning so‘zlariga qaraganda, mukofot fondi 80 ming dollarni tashkil qilgan, qolgan mablag‘ esa bevosita stikerlar dizayni uchun sarflangan. Har bir rassomga to‘langan mukofot puli stikerlar to‘plamining ommabopligiga qarab farqlanadi (kamida 700 AQSh dollaridan boshlanadi).

Stikerlar uchun to‘lovlar yarim yil davomida olingan hisobotlarga asosan har oy muntazam to‘lab borilgan.  Dizaynerlar avgust oyida bonus sifatidagi mukofot pullari bilan kompaniya tomonidan rag‘batlantirilgan.

Mukofot pullari bilan rag‘batlantirilgan mualliflar soniga messenjer vakili tomonidan aniqlik kiritilmagan. Chunki ularning safi kun sayin kengayib bormoqda ekan.

Telegram jamoasi stikerlarni chizma sifati, mualliflarning o‘z shaxsiy personajlarini yaratish qobiliyati, hissiyotlarni ifodalash ko‘nikmasi va yumor turiga qarab saralashadi. Dasturda qatnashish uchun Yakovenko pochtasiga (@Yakovenko) 512 x 512 pikseldan kam bo‘lmagan sifatda bir xil personajning 3 ta stikeri va turli emotsiyalarni ifodalagan 5 ta konturli eskizini yuborish kerak.

Keyingi mukofot pullari yangi yil arafasida to‘lanishi rejalashtirilgan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!