Televizorni tekshirib xarid qiling

  •   DiMaX
  •  3356
  •  26.01.2017 23:27

Televizorni tekshirib xarid qiling

Aksariyat xonadonlarda asosiy maishiy texnika vositalaridan biri, tabiiyki, televizor hisoblanadi. Shu bois ham yangi televizor sotib olayotganda, keyinchalik dilxiraliklar bo‘lmasligi uchun tekshiruvdan o‘tkazib olish maqsadga muvofiq.

To‘g‘ri, zamonaviy televizorlar yetarlicha ishonchli, biroq baribir ko‘rib-bilib olganga nima yetsin.

Qani, ketdik unda…

  1. Avvalo do‘konni tanlang

Afsuski, «Mijoz hamisha haq» aqidasi hamma joyda ham ishlayvermaydi, shu sababli, xarid oldidan do‘kondan quyidagilar bor-yo‘qligini so‘rang:

  • Televizorning O‘zbekistonda sotilishi, foydalanilishi mumkinligi haqidagi sertifikati hamda ishlab chiqaruvchi bergan kafolati;
  • Televizorni qaytarib topshirish yoki almashtirib olish imkoniyati.

Ha, sifatli maishiy texnika mahsulotlarini sotadigan ishonchli do‘konlar mana shunday imkoniyatlarni ham taqdim etishadi. Sotilganidan keyin ma’lum bir muddat ichida uning nuqsoni borligi aniqlansa, uni kafolat bo‘yicha xuddi shu modeldagi soz televizorga almashtirib berishadi, yoki tegishli qo‘shimcha to‘lov evaziga boshqa modeldagisini berishadi. Xarid qilishdan oldin shu kabilarni do‘kondan so‘rab, aniqlashtirib olganingiz ma’qul.

  1. O‘ramni va jamlanmaning butunligini tekshiring

Deylik, do‘kon bilan gaplashdingiz, televizor modeli bo‘yicha bir qarorga kelgansiz, narxini va kafolat shartlarini kelishib oldingiz. Xo‘sh, televizorni qutisi bilan birga ombordan chiqarib berishayotganida nimalarni tekshirish lozim?

  • Barcha aksessuarlar (pultlar, kabellar, hujjatlar) joyida ekanligi;
  • Televizorning va podstavkaning korpusida original himoya plyonkalari mavjudligi;
  • Tovarda avval ishlatilganlik belgilari bor-yo‘qligi.

Agar sizga televizorning o‘rami avval ham ochilgandek, himoya plyonkalari olinib, qayta yopishtirilgandek tuyulsa – ikkilanib o‘tirmasdan bu tovarni rad eting. Chunki bular uning oldin ishlatilganligi nishonalari bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, sayqallangan metall panelli yoki xromlangan unsurlari bor bo‘lgan mahsulotlarga jiddiy e’tibor bering – ularda tirnalgan-chizilgan joylar, boshqa shikastlar bo‘lmasligi lozim. Odatda bunaqa yuzalar plyonka yoki shunga o‘xshash vositalar yordamida himoyalangan bo‘ladi va ular televizorni ochib ishlatganda olib tashlanadi.

  1. To‘g‘ri ishlashi va nuqsonlar yo‘qligini ko‘zdan kechiring

Jamlanmadagi barcha aksessuarlar mavjudligiga ishonch hosil qilgach, eng asosiysiga navbat keladi – televizorni ishlatib ko‘rasiz. Uning ishlashida nuqsonlar yo‘qligiga ishonch hosil qilishingiz kerak.

Yaxshisi, televizorni sinash uchun suratli fayllarni do‘konga chiqish oldidan USB-fleshkaga, noutbukka yoki fayl saqlovchi boshqa biror qurilmaga solib, yoningizda olib oborganingiz ma’qul. Ular yordamida televizorni quyidagi tartibda tekshirib ko‘rasiz:

  • USB-fleshkani (yoki suratlar solingan boshqa saqlagichni) televizorga ulang.
  • Televizorni tokka ulab, yoqing.
  • Agar birlamchi sozlash menyusi chiqadigan bo‘lsa, uni o‘tkazib yuboring, hozircha u shartmas.
  • Televizorni USB-mediapleyer rejimiga yoki xotira qurilmangiz ulangan tegishli kirish portidan o‘qish rejimiga o‘tkazing.
  • Tekshirish uchun suratlarni ekranga chiqarishni boshlang.
  • Ekranda quyidagi bo‘limda aytib o‘tiladigan nuqsonlar bor-yo‘qligiga diqqat qarating.
  1. Ekranda nuqtalar bo‘lmasin!

Bir xil rangli rasmlarni to‘liq ekranga chiqarish orqali «o‘lik» va «yoniq» piksellar bor-yo‘qligini aniqlash mumkin. Bunda «o‘lik»lari yonmaydigan qora nuqta shaklida ko‘rinadi. «Yoniq» piksellar esa aksincha – hatto qora fonda ham yorqin nuqta holida namoyon bo‘ladi.

To‘g‘ri, zamonaviy panellarda bu kabi nuqsonlar o‘ta kam uchraydi, lekin baribir, keyin afsuslanib yurgandan ko‘ra boshidanoq tekshirib olgan ma’qul.

  1. Yorug‘lik tekis taqsimlanishini kuzating

Qop-qora rangli suratni to‘liq ekranga chiqarib, nazar solganimizda ekranga yorug‘likning bir xil taqsimlanishini tekshirish mumkin bo‘ladi. Uning turli hududlarida «kuygan» joylari bo‘lmasligiga e’tibor qarating. To‘g‘ri, suyuq kristalli televizorlarda salgina rang o‘zgarishlari bo‘lishi mumkin, ammo qora ekranda bir nechta yorug‘ «dog‘»lar bo‘lishi uning nuqsonli ekanligidan darak beradi. Bunday hollarda mazkur tovardan boshqasini olishni maslahat beramiz, do‘kon ma’muriyati ko‘nmasa – xariddan voz kechib qo‘yaqolganingiz ma’qul. Yodda tuting – suyuq kristalli televizorlar ishlab chiqaruvchilarning ko‘pchiligi ekran yoritilishidagi salgina farqlarni nuqson hisoblamaydi va ayni shu kamchiligi uchun mahsulotini almashtirib olishga ularni yoki sotuvchilarni ko‘ndirish o‘ta qiyin bo‘ladi. Shu bois boshidanoq bu xususiyatiga jiddiy qarang.

  1. Yorqin dog‘lar ham nuqsondir

Ayrim hollarda ekranga to‘liq holda oq rangli tasvirni chiqarib, yaxshilab ko‘zdan kechirish ham zarar qilmaydi. Bu bilan uning rangli «dog‘»lari bor-yo‘qligini baholaysiz. Ko‘pincha ular oppoq fonda och pushtiga yoki och yashilga moyil rangda namoyon bo‘ladi. Gap shundaki, bu «rangdorlik» televizorning matritsasida bo‘ladi va u ekrandagi har qanday tasvirning yuzasida hamisha ko‘rinib turaveradi. Shuning uchun ham bunday nuqsoni bo‘lgan televizorni xarid qilmang. Oldingi holatdagi kabi, bunday ko‘rinishni ham aksariyat ishlab chiqaruvchilar mahsulotni almashtirish yoki ta’mirlash uchun yetarli asos hisoblashmaydi.

Yuqoridagi barcha tekshiruvlardan muvaffaqiyatli o‘tgan televizorni ikkilanmasdan sotib olishingiz mumkin, lekin oxirida yana bir narsani unutmang. Ya’ni, do‘konda ushbu oldi-sotdi amaliyotini rasman qayd ettirib, kafolat talonlariga to‘liq yozdirib, sotuvchining imzosi va do‘kon muhrini tushirtirib oling.

Albatta, do‘konning tashrif qog‘ozini ham olishingiz kerak – nafaqat biror nuqson chiqqanida murojaat etish uchun, balki olgan televizoringiz yaxshi chiqsa, boshqalarga ham shu do‘konni tavsiya etishingiz mumkin-ku.

Sizga xayrli xaridlar tilaymiz!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!