Terlagan kaftni sovituvchi parrakka ega geyming sichqonchasi ishlab chiqarildi

Terlagan kaftni sovituvchi parrakka ega geyming sichqonchasi ishlab chiqarildi

Mindshunter kompaniyasi Zephyr nomli o‘yinlar uchun mo‘ljallangan kompyuter sichqonchasini taqdim qildi.

Sichqoncha foydalanuvchi kaftini sovutish vazifasini bajaruvchi ichki parrakka ega ilk kompyuter sichqonchasidir. Bu haqda The Verge nashri xabar bermoqda.

Zephyr'ga hozirdanoq Kickstarter'da oldindan buyurtma berish mumkin. Qurilma 89 AQSh dollari turadi va oktyabr oyidan do‘kon rastalarida paydo bo‘ladi.

Zephyr so‘nggi yillarda o‘yinbop sichqonchalar borasida ommalashayotgan dizaynga ega. Gadjetning shassisi teshiklarga to‘la va xuddi ari iniga o‘xshaydi. Bu esa foydalanuvchiga o‘yin o‘ynayotganda bir necha jihatdan qo‘l keladi. Avvalo, dizayni sabab qurilma vazni atigi 68 grammni tashkil qiladi. Ilkinchidan, tuynuklar RGB yorug‘lik potensialini oshiradi. Uchinchidan esa, sichqonchadan o‘tadigan havo oqimi yaxshilanadi.

Sichqonchaning pastki tomonida parrakning aylanish tezligini nazorat qilish imkonini beruvchi tugmacha mavjud. Biroq, aytish joizki, parrak ancha shovqin chiqaradi va quloqchinlarsiz Zephyr’dan foydalanmaslik maslahat beriladi.

Qurilmadan allaqachon foydalanishga muvaffaq bo‘lgan mutaxassislarning bildirishicha, parrak kaftingizni sezilarli darajada sovutmaydi. Aftidan, parrak tuynuklardan sovuq havo haydash o‘rniga sichqoncha romini sovutishga xizmat qiladi.

O‘QING: PlayStation 5 hamda aksessuarlarining barcha bozorlarga chiqish sanalari va narxlari e’lon qilindi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!