Tez orada yangi iPhone SE chiqadi, iPhone 8 esa kechikadi

  •   DiMaX
  •  1427
  •  20.07.2017 10:30

Tez orada yangi iPhone SE chiqadi, iPhone 8 esa kechikadi

Apple korporatsiyasi shu yil avgust oyida bo‘lib o‘tadigan tadbirda iPhone SE modelining yangilangan talqinini namoyish etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda maxfiy qolishni istagan manbaga tayanib iGeneration nashri yozmoqda.

Xabarga ko‘ra, kompaniya «yubiley» modeli – iPhone 8 flagmanini keyinroq, taxminan oktyabr oyida taqdim etadi.

iPhone SE hali yashaydi...

«Olmali» kompaniyaning iPhone SE modeli taqdiri shu kungacha noma’lum bo‘lib kelmoqda – kuni kecha, uni endi ishlab chiqarishmaydi, degan xabarlar ham chiqqandi. Endi esa, bu smartfonni keyingi oydayoq yangilangan variantda taqdim etishlari xabar qilinayotir.

Aytish kerakki, iPhone SE telefoni Apple’ning hamyonbopligi sababli eng ommalashgan modellaridan biri hisoblanadi. Jumladan, o‘tgan oyda uning rekord daraja — 35% ga arzonlashganligi xabar qilingan edi. iGeneration xabariga ko‘ra, yangi SE modeli ham arzon bo‘ladi – uning narxi 399 yevrodan boshlanadi.

Yangilanish aytarli katta emas

Taxminlarga ko‘ra, yangi iPhone SE modelida oldingisiga nisbatan o‘zgarishlar unchalik ko‘p bo‘lmaydi. Unda ayrim apparat o‘zgarishlari kutilmoqda, yana narxi arzonlashadi, xolos. Chunki Apple endilikda «o‘rtaholroq» bozorlarga kirib borishni ko‘zlagan. Masalan, kompaniya bu modelni Hindiston hududida ishlab chiqara boshlaganida ham shuni nazarda tutgan o‘zi.

Shu bilan birga, hatto iGeneration nashrining o‘zi ham, ushbu axborot «yangi manbadan» olinganligini ma’lum qilgan. Bu esa mazkur ma’lumotning ishonchli bo‘lmasligi ham mumkinligini anglatadi.

iPhone 8’ga qachon navbat?

 Apple’ning eng kutilayotgan flagmani – iPhone 8 masalasiga kelsak, uning ishlab chiqarilishi kechiktirilishi mumkinligi haqidagi xabarlarga ko‘proq duch kelmoqdamiz. Ammo, korporatsiya o‘z taqdimotlari jadvaliga qat’iy amal qilib kelayotganini inobatga oligan holda tahlilchilar aytayotgan taxminlarga ko‘ra, «yubiley» modeli shu yil sentyabr oyining boshida namoyish etilsa kerak. Biroq savdoga u taqdimotdan yana ikki oy o‘tgachgina chiqarilishi ehtimoli yuqori.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!