Top 10: sentyabr holatida eng yaxshi kameraga ega smartfonlar

Top 10: sentyabr holatida eng yaxshi kameraga ega smartfonlar

Mobil vositalarning kameralarini testdan o‘tkazuvchi DxOMark kompaniyasi kuni kecha iPhone 8 Plus flagmanining kamerasi ular tomonidan o‘tkazilgan imtihonlarda eng yuqori ball olgani to‘g‘risida e’lon qilgan edi. Biz quyida mazkur resurs eng kuchli kamerafon deb hisoblagan 10 ta smartfonni e’lon qilamiz.

10. Nokia 808 Pureview - kutilmagan natija, albatta! Axir 2012 yilda ishlab chiqarilgan va 61 ball to‘plagan kamerafon kuchli o‘nlikdan joy egallashi – nihoyatda ajablanarli. Smartfon kamerasi ilg‘orligi bois vaqtga chidamli: 1/1.2 dyuym hajmli sensor 41 megapikselli. Unda f/2.4 standartidagi Carl Zeiss linzalaridan foydalanilgan. Kamera Full HD video yozishi va tasvir sifatini yo‘qotmasdan turib manzarani 4 karra yaqinlashtirishi bilan o‘ziga xos. Shuningdek, smartfonga fotochaqnoq ham o‘rnatilgan.

9. Apple iPhone 6 - testda 73 ball olgan Apple iPhone 6 reytingda 9-o‘rinda turibdi. Bu Apple mobil fotografiyaga jiddiy kirishgan ilk gadjet. 8 megapikselli bosh sensorning optik linzasi f/2.2 hajmli bo‘lgan. Bosh kamerada fazali avtofokus va fotochaqnoq bo‘lgan. Bosh kamera Full HD video tasvirga olgan.

8.Samsung Galaxy S6 Edge - bu flagman 82 ball to‘plagan. Uning 1/2.6 dyuymli 16 megapikselli sensori bor. Smartfon f/1.9 standartidagi (28 mm) optik linza bilan ta’minlangan. Shuningdek, kamerada optik barqarorlashtirish tizimi ham mavjud. Bu ayniqsa, 4K sig‘imli video lishda qo‘l keladi. Smartfon LED fotochaqnoqqa ham ega.

7. Sony Xperia XZ Premium - barcha smartfon ishlab chiqaruvchilarni kamera texnologiyasi bilan ta’minlaydigan Sony o‘zining Xperia XZ Premium modeliga eng yaxshi kamera jihatlarini tatbiq qilgan. Bu gadjet imtihonda 83 ball olgan. Bu DxOMark sinovidan o‘tgan Sony'ning ilk smartfoni. Undagi 19 megapikselli sensor f/2.4 standartidagi aperturaga ega bo‘lgan. Bu smartfon 4K sig‘imli videolar yozadi. Shuningdek. sekinlashtirilgan -- har soniyasiga 960 ta kadr muhrlangan video ham yozadi.

6. Apple iPhone 7 - kamera borasida 85 ball olgan iPhone 7 flagmaniga 12 megapikselli sensor o‘rnatilgan. U fazali avtofokus, optik barqarorlashtirish tizimiga ega.

5. Apple iPhone 7 Plus - yaqin-yaqingacha ham iPhone 7 Plus kamerafonlar orasida tengsiz edi. Uning imkoniyatlari 88 ballga baholangan. Albatta, bunda qo‘sh sensorli bosh kameraning ahamiyati yuqori. 12 megapikselli sensor optik linzasi f/1.8 hajmli bo‘lib, optik barqarorlashtirish tizimiga ega, bu sensor asosan rang-tasvirni muhrlashga mas’ul.

Bosh kameraning ikkinchi sensori esa 13 megapikselli va uni "telefoto linzasi" deyish mumkin. Bu sensor keng burchak ostida suratga olish va manzarani uning sifatini yo‘qotmasdan turib 2 karra yaqinlashtirish uchun mas’ul. Bosh kamera tezkor suratga olishi bilan ham o‘ziga xos. Shu bilan birga, bu kamerada sekinlashtirilgan video ham suratga olish mumkin.

4. HTC U11 - HTC U11 flagmanining suratga olish imkoniyatlariga 90 ball qo‘yilgan. HTC U11 uchun 1,4μm pikselni qamrab oladigan 12 megapikselli sensor tanlangan. Uning yorug‘likni qamrab oluvchi optik linza kengligi f/1.7’ga teng. Smartfon Ultrapixel 3 texnologiyasi, suratni optik barqarorlashtirish tizimi va qo‘shqavatli svetodiodli fotochaqnoqqa ega.

Optik barqarorlashtirish tizimi, 2 tusli fotochaqnoq, 4K video tasvirga olishi, 3D audio yozishi bilan o‘ziga xos. Shuningdek, uning kamera ilovasi RAW formatidagi yuqori sig‘imli suratni 32 sekundli, ya’ni yetarlicha uzoq ekspozitsiyada suratga oladi.

3. Google Pixel - DxOMark kompaniyasi Pixel smartfonlarining kameralariga yuqori baho berib, 89 ballga munosib ko‘rgan.

Google ham Pixel va Pixel XL gadjetlarini eng yangi va yaxshi  12,3 megapikselli Sony IMX378 sensori bilan jihozlagan. Uning piksel o‘lchami 1,55 mkm bo‘lib, yaqindagina ilk marotaba Xiaomi Mi5S smartfonida taqdim etilgan edi. Shuningdek, Google’ning kuchli quroli – HDR+ rejimini ham unutmaslik lozim.

2. Apple iPhone 8 - yap-yangi iPhone kamerasining imkoniyatlari 92 ballga munosib ko‘rilgan. U 12 megapikselli bosh kamera bilan ta’minlangan. Optik barqarorlashtirish tizimi, "fokus piksel", 4 tusli fotochaqnoq, Auto-HDR texnologiyalari, yuz-qiyofani tanishi bilan smartfonning kamerasi yuqori imkoniyatlarga ega.

1. Apple iPhone 8 Plus - hozircha DxOMark imtihonlarida iPhone 8 Plus mutloq peshqadam. Uning imkoniyati 94 ballga baholangan. Uning har biri 12 megapikselli 2 ta sensori telefoto va keng burchakli ob’yektiv vazifasini bajaradi. Ayniqsa, telefoto ob’yektivi manzarani 10 karra yaqinlashtiradi. Portret janrida suratga olishda ham bu kamerafon tengsiz. Jihatlariga ko‘ra, bu kamera iPhone X kamerasi bilan bir xil.

Bizning shaxsiy fikrimiz: ayni paytda smartfon bozorida bu yerdagi ba’zi smartfonlardan yaxshiroq suratga oladigan kamerafonlar mavjud. Misol sifatida, One Plus, Huawei, Xiaomi kabi brendlarning modellarini aytish mumkin.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!