Toshkent metrosida mobil aloqa paydo bo‘lishi mumkin

Toshkent metrosida mobil aloqa paydo bo‘lishi mumkin

Beeline mobil operatori vakillari Toshkent metropolitenida mobil aloqani o‘rnatish bo‘yicha muzokaralar faol darajaga o‘tganini ma’lum qildi. Bu haqda Sof.uz yozmoqda.

Mobil operator bir necha yil davomida Toshkent metropoliteniga aloqa olib kirishga harakat qilgan, biroq urinishlar muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Aloqa operatori vakillarining so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda vaziyat o‘zgargan va nihoyat metroda mobil aloqa va internet ishlashiga umid paydo bo‘ldi.

“Ayni vaqtda biz Toshkent metropoliteniga 2G, 3G yoki Wi-Fi’ni olib kirish bo‘yicha loyihani amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqyapmiz. Hozir metropolitenda bir qator o‘zgarishlar yuz berdi. Biz bu masalani hal qilishga yaqin turibmiz. Metroda aloqa paydo bo‘lishiga umid bor. Xizmatning qaysi turi amalga oshirilishi, u bekatlar oralig‘ida ishlaydimi yoki bekatlarda, Wi-Fi bo‘ladimi yoki 3G — shu kabi masalalarni muhokama qilyapmiz”,  — degan Unitel MChJ texnik direktori Yevgeniy Klyuchev.

Texnik direktorning so‘zlariga ko‘ra, bu holatda ko‘p narsa metropoliten rahbariyatiga bog‘liq. Chunki bu amalga oshirish nuqtai nazaridan oddiy ob’yekt emas. Mobil operator vakili muzokaralar davom etayotganini va metropolitenda aloqani rivojlantirish bo‘yicha kompaniyaning rejalari borligini aytib o‘tdi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!