Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalari “Wikipedia”ni milliy kontent bilan to‘ldiradi

Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalari “Wikipedia”ni milliy kontent bilan to‘ldiradi

 

Bu haqida universitet rektori Sherzod Shermatov Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi yirik guruhlardan biri – maslahat.uz‘dagi postida xabar qilgan.

“Vikipediya internetdagi eng asosiy ma’lumotlar manbai hisoblanadi. Juda ko‘p foydalanuvchilar u yerdan axborot olishadi. Shu bilan birgalikda, O‘zbekistonga bog‘liq mavzulardagi axborotlar u yerda qanchalik to‘liq va xolisdir?” deydi Sh.Shermatov.

Universitet rahbari bepul elektron lug‘atda aholisi soni bo‘yicha dunyoda 43-o‘rinda turadigan O‘zbekistonning davlat tilida 128 ming atrofidagi material borligi, aholisi soni bo‘yicha 90-o‘rinda turgan Shvetsiyaning Shved tilida esa 2,8 mln.dan ortiq maqola borligini ta’kidlaydi.

Inha universiteti talabalari orasida o‘tkaziladigan tanlovda Vikipediyaga O‘zbekiston haqidagi mavzularda eng ko‘p va sara maqolalar kiritgan talabalar aniqlanadi va ularning 3 nafari Koreyadagi Inha Universitetining “Yozgi maktabi”da bepul qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.

Ahamiyatli tomoni shundaki, mazkur g‘oya maslahat.uz guruhi a’zolari tomonidan ilgari surilgan. Universitetning bu tashabbusi xalqaro tarmoqda O‘zbekiston haqidagi maqolalar sonini oshishiga, shuningdek talabalarning O‘zbekiston haqidagi bilimlarining boyishiga xizmat qiladi.

“Bu kabi aksiyani ko‘proq yoshlarimiz qo‘llab-quvvatlasalar hamda Vikipediyani foydali va xolis maqolalar bilan to‘ldirishga harakat qilsalar, juda ko‘pchilik uchun kelajakda foydasi tegardi deb o‘ylayman”, deydi Sherzod Shermatov.