Toshkentda Jorj Marshall nomidagi Yevropa Markazi kiberxavfsizlikka oid ikki kunlik seminar o‘tkazdi

Toshkentda Jorj Marshall nomidagi Yevropa Markazi kiberxavfsizlikka oid ikki kunlik seminar o‘tkazdi

9-10 yanvar kunlari Amerika Qo‘shma Shtatlari va Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonalarining hamkorligida kiberxavfsizlik strategiyasi va sohadagi ilg‘or tajribalarga bag‘ishlangan ikki kunlik seminar o‘tkazildi. Tadbir xavfsizlikni o‘rganish bo‘yicha Jorj Marshall nomidagi Yevropa markazi tomonidan tashkil etilib, unda Ozarbayjon, Germaniya, Portugaliya, Polsha, Ukraina va Amerika Qo‘shma Shtatlaridan kelgan mutaxassislar ishtirok etdi. Seminardan ko‘zlangan maqsad kibersohadagi milliy xavfsizlikni ta’minlash uchun zarur bo‘lgan strategiya, amaliyot, xalqaro ilg‘or tajribalar va umumjamiyatga taalluqli yondashuvlarni tushunishni yanada chuqurlashtirishdan iborat. Xavfsizlik masalalari bo‘yicha ekspertlar ikki kunlik seminar davomida tegishli sohaga oid taqdimotlar o‘tkazib, kun tartibidagi mavzularni guruh va yakka tartibda muhokama qilishdi. Toshkentga kelgan ekspertlar boshqa mamlakatlar bilan sohaga tegishli me’yorlarni ilgari surish, xalqaro xavfsizlikni mustahkamlash va kiberjinoyatga qarshi kurashishda hamkorlik qilish bo‘yicha kelishilgan sa’y-harakatlarning tarkibiy qismi hisoblanadi.

Shu bilan birgalikda, ushbu sa’y-harakatlar internetga oid umumiy siyosatni mustahkamlash va boshqarishga hamda internet infratuzilmasini internetning iqtisodiy va ijtimoiy imkoniyatlariga to‘sqinlik qiluvchi kibertahdidlardan himoya qilishga ham qaratilgandir. Tadbirda O‘zbekistondagi kiberxavfsizlikni ta’minlash va bu sohani rivojlantirishga mas’ul hukumat tashkilotlarining yigirmadan ortiq vakili ishtirok etdi. Ushbu seminar Jorj Marshall nomidagi Yevropa markazi tomonidan O‘zbekistonda 2015 yildan beri o‘tkazib kelinayotgan tadbirlarning uchinchisi bo‘ldi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.