Toshkentdagi avtobuslarga tekin Wi-Fi o‘rnatildi

Toshkentdagi avtobuslarga tekin Wi-Fi o‘rnatildi

Toshkent shahridagi 14-yo‘nalish (TTZ-Shimoliy vokzal bo‘ylab harakatlanuvchi) avtobuslariga ilk bor internetdan tekin foydalanish imkonini beruvchi Wi-Fi o‘rnatildi. Bu haqida ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilardan biri potrebitel.uz guruhida ma’lum qilgan.

Bu xabar ko‘pchilikni quvontirgani yozilayotgan izohlarda ham aks etgan. Kimdir xabar beruvchining yozganlariga ishonqiramay munosabat bildirgan bo‘lsa, kimdir bu xabar soha rivojidagi katta va muhim qadamlardan biri, deb baho bergan.

Mazkur texnologiyadan foydalanganlarning aytishicha, barcha xizmatlar yaxshi ishlamoqda, parol mavjud emas. Istagan yo‘lovchi Wi-Fi tizimiga kirib, internetdan bepul foydalanishi mumkin.

Xabar qoldirgan foydalanuvchi avtobus ichidagi Wi-Fi haqidagi suratni ham keltirgan. Unda “Bu avtobusda Wi-Fi bor”, deya yozilgan va ulanish mumkin bo‘lgan tarmoq nomi (“WI-FI-BUS”) ko‘rsatilgan.

Tekin internet foydalanuvchilarining qiziqishlari sabab mazkur yo‘nalishdagi transportlarda tirbandlik kuzatilishi mumkin.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.