Triton: suv ostida nafas olishga imkon beradigan sun’iy jabralar

Triton: suv ostida nafas olishga imkon beradigan sun’iy jabralar

2014 yilda internetda suv ostida nafas olishga imkon beradigan ixcham Triton nafas olish uskunasi konsepti haqidagi ma’lumotlar paydo bo‘lgan edi. Bu kabi sun’iy jabralar 1965 yilda tasvirga olingan Jeyms Bond haqidagi Thunderball filmida namoyish etilgan. Ushbu g‘oyani amalga oshirish uchun ishlab chiqaruvchilar IndieGoGo resursida 50 ming dollar to‘plashni maqsad qilib, 850 ming dollar jamg‘arishga muvaffaq bo‘lishdi.

Muhandislarning tasdiqlashlaricha, Triton qurilmasi suv ostida akvalang singari yordamchi qurilmalarsiz 45 daqiqa davomida nafas olishga imkon beradi. Triton 29x12 sm o‘lchamdagi qurilmani o‘z ichiga oladi. Uning ichida litiy-ionli akkumulyator, yorug‘lik diodli modul va signallar uchun vibromotor, havoni chiqarish uchun klapan, kichik havo kamerasi hamda havoni haydaydigan mikrokompressor joylashgan. Yon trubkalariga esa mikroteshikli membranalar o‘rnatilgan bo‘lib, ularning teshiklari suv molekulasidan ham kichik. Shu sababli kislorod bevosita suvdan ajratib olinadi.

Shuningdek, maxsus kimyoviy tarkibli modul joylashgan. Uning vazifasi toza kislorodni nafas olishga yaroqli holatga aylantirib berishdan iborat. Ko‘pchilikka ma’lumki, organizmda kislorod konsentratsiyasining ortib ketishi kislorod bilan zaharlanishni keltirib chiqaradi.

Triton sun’iy jabralari 4,5 metrgacha chuqurlikdagi suv ostida 45 daqiqa (akkumulyatorining ishlash vaqti) nafas olishga xizmat qiladi. Belgilangan chuqurlik ortishi bilan ogohlantiruvchi signal beriladi, nafas olish ham qiyinlashadi.

Triton`ga 300 dollar to‘lagan holda oldindan buyurtma berish mumkin. chakana savdo narxi esa 400 dollar bo‘lib, shu yilning dekabr oyidan xaridorlarga yetkazib berish rejalashtirilgan.

Manba: Triton

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!