Twitter’imdagi barcha havolalar ln.is bilan boshlanyapti. Bundan qanday qilib qutulsa bo‘ladi?

Twitter’imdagi barcha havolalar ln.is bilan boshlanyapti. Bundan qanday qilib qutulsa bo‘ladi?

Nima bo‘ldi?

Tvitter bo‘ylab foydalanuvchilar ulashgan havolalarni almashtirib qo‘yadigan Linkis ilovasi faol ommalashib bormoqda. Tashqi tomondan hammasi qonuniydek ko‘rinsa-da (uning ishlashiga foydalanuvchining o‘zi ruxsat beradi), ilova viruslarga xos yo‘l bilan tarqalmoqda. Ayni vaqtda, undan qanday qilib qutulish mumkinligi unchalik ham tushunarli emas — na kompyuter orqali antivirus tekshiruvi, na brauzerdagi ilovalar ro‘yxatini tartibga keltirish foyda beradi. Shu sababli “Meduza” nashri foydalanuvchilarga normal havolalarni qaytarish imkonini beruvchi yo‘riqnomani tayyorladi.

Virus?!

Unchalik emas. Rasman Linkis internetdagi havolani “brendlashtirish” imkonini beruvchi bir ilovadir. Ideal ko‘rinishda bu quyidagicha ishlashi kerak: foydalanuvchi havolani Linkis orqali “o‘tkazishi”, so‘ng havolaning personallashtirilgan ko‘rinishini olishi (havola bo‘yicha kontent o‘sha-o‘sha qolaveradi, biroq “darvoza” — havolani kim ulashgani haqida axborot qo‘shiladi) va tvitterda ulashishi kerak.

Bu nimaga kerak?

Buning amaliy foydasi bor-yo‘qligi haqida bir narsa deyish qiyin, biroq nazariy jihatdan Linkis o‘z obunachilari oldida har doimgidan ham ko‘proq yodda qolishni istaydigan foydalanuvchilarga kerak bo‘lishi mumkin. Buning uchun Linkis foydalanuvchi ulashayotgan sahifa kontentini o‘z saytiga ko‘chiradi, unga havola muallifi va tvitdagi matndan iborat peshlavha o‘rnatib, yangi havola hosil qliadi. Masalan, http://google.com o‘rniga tvitda http://ln.is/google.com/ paydo bo‘lib qoladi.

Pastdagi peshlavha — Linkis’ning ishi

Buning nimasi virus?

Gap shundaki, Linkis hech bir zarurat bo‘lmasa-da, foydalanuvchining barcha havolalarini “brendlashtirib” chiqadi. Bu quyidagicha ishlaydi: agar http://ln.is/ ko‘rinishidagi havolaga bosilsa, servis sahifa kontentini to‘sib turuvchi peshlavhani ko‘rsatadi. Kontent bilan tanishish uchun esa banner Twitter orqali kirishni iltimos qiladi.

E’tiborsiz foydalanuvchi ilovaga o‘z tvitteri ma’lumotlarini taqdim etsa, uning havolalari ham “brendlashtirila” boshlaydi. Linkis internetdagi maqolalar ostida chiqadigan “Twitter’da ulashish” tugmalarini o‘ziniki bilan almashtirishga o‘tadi. Va foydalanuvchi har safar biror havolani ulashmoqchi bo‘lsa, tvitda bevosita havola emas, balki “brendlashtirilgan” havola turgan bo‘ladi. Bunday havolani bosgan boshqa foydalanuvchini esa “Twitter orqali kirish” yozuvi kutib oladi.

Linkis’ning yozishicha, hozircha uning 800 mingga yaqin foydalanuvchisi bor. Katta ehtimol bilan, ularning aksariyati mana shunday majburiy targ‘ibot qurbonlaridir: Twitter’da har daqiqa ln.is bilan “brendlashtirilgan” o‘nlab yangi havolalar paydo bo‘lmoqda.

Bundan qanday qilib qutulish mumkin?

Buning uchun twitter.com/settings/applications sahifasiga kirish (bundan avval, Twitter’ga login/parollar bilan kirgan bo‘lishingiz kerak), ro‘yxatda Linkis bilan bog‘liq har qanday qatorni topib, “Foydalanishni yopish” (ruschasiga “Zakrit dostup”, inglizchasiga “Revoke access”) tugmasini bosish kerak. Ba’zi foydalanuvchilarda u shunchaki “Linkis.com” deb nomlangan bo‘lishi mumkin, boshqalarda esa biroz ayyorroq — “Put your button on any page! by Linkis” kabi ko‘rinishda taqdim etilishi mumkin. Har ehtimolga qarshi, bundan keyin har qanday shubhali ilovalarning Sizning Twitter-akkauntingizdan foydalanuviga taqiq qo‘ying.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!