Twitter Snoudenga 47 Gbayt bildirishnoma jo‘natdi

Twitter Snoudenga 47 Gbayt bildirishnoma jo‘natdi

Rossiyadan boshpana olgan AQShlik sobiq MRB xodimi Edvard Snouden shu hafta Twitterda akkaunt ochgani haqida xabar bergan edik. Atigi ikki soat ichida uning sahifasini o‘quvchilar soni 331 ming nafarga yetgan. Sanoqli kunlarda esa milliondan oshdi.

Snoudenning mashhurligi havas qiladigan darajada. Ammo bildirishnomalarni o‘chirib qo‘ymaganligi uni noqulay holatga soldi.

“Bildirishnomani o‘chirib qo‘yishni unutibman. Twitter har bir mushtariyim haqida, tanlanganlar safiga qo‘shilganim haqida, retvitlar va shaxsiy xabarlar haqida bildirishnoma jo‘natib turdi… Bildirishnomalar 47 Gbayt”, – deya u mikroblogida arzi hol qildi. Tvitini esa “saboq bo‘ldi” xeshtegi bilan belgiladi.

2013 yilning yozida AQSh xavfsizlik agentligi xodimi bo‘lgan Snouden AQSh va Buyuk Britaniya razvedka xizmatlarining kuzatish dasturlari haqidagi ko‘plab maxfiy hujjatlarni OAVga oshkor etgan. Bu hodisa jahon yetakchi davlatlari orasidagi mojaroga sabab bo‘lgandi. Snouden Gongkongdaligida AQSh hukumati uni xalqaro qidiruvga berib josuslikda ayblagan va sirtdan 30 yilga hukm qilgan edi. Oqibatda unga Rossiya Federatsiyasi muvaqqat boshpana bergan.

Terabayt.uz ham Twitterda Snoudenni kuzatib bormoqda.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!