Twitter eski yo'l bilan verifikatsiya qilingan barcha akkauntlardan ko'k tasdiqlanganlik belgisini olib tashladi – "ulkan tozalash" haqida bilishingiz kerak bo'lgan barchasi

Twitter eski yo'l bilan verifikatsiya qilingan barcha akkauntlardan ko'k tasdiqlanganlik belgisini olib tashladi –

Ijtimoiy tarmoqlar paydo bo'lgandan beri ulardagi ayrim akkauntlarning nomi oldida ko'k tasdiqlanganlik belgisining bo'lishi bu ushbu akkaunt ortidagi taniqli shaxs haqiqatda o'sha ekanligini isbotlanganligini yoxud uning nomidan ochilgan boshqa profillar soxta ekanligini bildiradi. Biroq, bugungi kunga kelib Ilon Mask boshchiligidagi Twitter ijtimoiy tarmog'ida, ehtimol, uning tarixida ilk bor bu endi boshqacha ma'noga ega – ko'k rangli "galochka"si bormi? Unda u buning uchun oyiga 8 dollar to'laydi.

Joriy yilning 20-aprel kuni Twitter o'zining eski yo'l bilan verifikatsiya qilingan akkauntlarining barchasidan ko'k tasdiqlanganlik belgisini olib tashladi. Bu Ilon Mask ijtimoiy tarmoq "taxti"ga kelishidan oldingi davrning eng so'nggi qoldiqlaridan biri edi desak adashmagan bo'lamiz. Aslida, bu 1-aprel kuni sodir bo'lishi kerak edi, lekin o'sha kuni taniqli The New York Times nashridan boshqa deyarli hech kimdan eski tasdiqlanganlik belgisi olib tashlanmadi va "ulkan tozalash" 20-aprel sanasiga qoldirilgan edi.

Eski yo'l bilan verifikatsiya qilingan akkauntlardan tasdiqlanganlik belgisi olib tashlangandan so'ng, Twitter'da faqat Blue oyli obunasiga ega bo'lganlarda ko'k, hukumat vakillarida kulrang va biznes egalarida esa oltin rangli tasdiqlanganlik belgilari qoldi. Ishonish qiyin, lekin endi Twitter'dagi 100 milliondan ortiq obunachiga ega qo'shiqchi Jastin Biber, portugaliyalik futbolchi Krishtianu Ronaldu va qo'shiqchi Keti Perri akkauntlarida ham ko'k verifikatsiya belgisi mavjuda emas. Hatto, Rim Papasi ham "ulkan tozalash"dan omon qolmagan edi, lekin biroz vaqt o'tgach unga "hukumat yoki ko'p tomonlama tashkilot akkaunti" uchun beriladigan kulrang tasdiqlanganlik belgisi berildi.

Tasdiqlanganlik belgisi olib tashlangan akkauntlar qatorida yana milliarder Bill Geyts, AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp, model Kim Kardashian, qo'shiqchi Beyonce va aktyorlardan Leonardo Di Kaprio, Tom Kruz, Samuel Jekson, Jeremi Renner, Kris Evans va yana boshqa juda ko'pchilik bor.

Ma'lum bo'lishicha, ayrim mashhurlarning, garchi ular avval ochiqchasiga Twitter Blue obunasiga pul to'lamasliklarini aytishgan bo'lsa ham, "galochka"lari saqlab qolingan, chunki ular Twitter Blue obunasini sotib olishgan. Gap shundaki, amerikalik professional basketbolchi, LeBron Jeyms o'tgan oyda Twitter Blue uchun pul to'lamasligini ma'lum qilgan edi. Biroq "eski ko'k belgilar apokalipsisi"dan keyin ham uning ko'k verifikatsiya belgisi saqlab qolingani ma'lum bo'ldi, chunki u Twitter Blue'ga obuna bo'lgani uchun. Taniqli amerikalik muallif, Stiven King ham Twitter Blue uchun pul to'lashni rad qilgan edi, lekin uning ham tasdiqlanganlik belgisi Twitter obunasini sotib olgani uchun saqlab qolingan, biroq Stivenning o'zi buni rad etadi:

"Mening Twitter akkauntim meni Twitter Blue'ga obuna bo'lganimni aytyapti. Men bunday qilmadim. Mening Twitter akkauntim meni telefonim raqamimni bergan deyapti. Men bunday qilmadim." 

Ilon Mask esa Stiven Kingning bu tvitiga "Arzimaydi, namaste 🙏" deya javob qoldirgan.

Keyinchalik aniqlashicha, Ilon Maskning o'zi bir nechta odamlarga, xususan, Uilyam Shatner, LeBron va Stiven King uchun Twitter Blue obunasiga "shaxsan" pul to'lagan. Rianna va Teylor Svift ham akkauntlarida ham ko'k verifikatsiya belgisi Twitter Blue sabab saqlab qolingan, biroq bu ham Ilon Mask himmatidanmi yoki ular rostdan ham buning uchun o'zlari pul to'lashganmi, bunisi noma'lum.

Albatta, bundan hamma ham xursand emas. O'zining Twitter sahifasida qo'shiqchi Doja Cat shunday deydi: "Endilikda ko'k belgiga ega bo'lish sizning butunlay omadsizligingiz yuqori ekanligi va taniqli odamlar kabi tasdiqlanishni juda xohlayotganingizni anglatadi". Uning qo'shimcha qilishicha "odamlar ko'k belgini o'zlarini muhimdek his qilish uchun sotib olishadi, biron-bir mazmunli narsa yaratganliklari uchun emas".

Ilon Mask o'tgan yili Twitter'ni 44 milliardga sotib olgandan keyin ijtimoiy tarmoqning verikatsiyalash tizimi eskirgan, korruptsiyaga botganligini va uni "boylar & kambag'allar tizimi" deb aytgan edi. Xo'sh, u endi adolat o'rnatdimi? Axir endi hozir boy ham kambag'al ham birdek ko'k belgiga ega yoki ega emas-ku? Ehtimol, bu ijtimoiy tarmoqning qulashidan boshqa hech narsaga yordam bermaydi. 

Shunday qilib, Twitter'da endi ko'k verifikatsiya belgisining endi oldingidek qadri yo'q. Ijtimoiy tarmoq rasmiy lekin tasdiqlanganlik belgisi olib tashlangan akkauntlar bilan to'ldi va bu allaqachon firibgarlik, o'zganing, xossatan mashhur shaxslar va tashkilotlar nomidan akkaunt ochish va noto'g'ri ma'lumotlar tarqatishga yordam berishni boshladi.

Twitter Blue oylik obunasini sotib olish nafaqat ko'k tasdiqlanganlik belgisi, balki tvitlarni tahrirlash, ko'proq belgili tvitlar yozish, 50% ga kamroq reklamalar ko'rish va yana boshqa bir nechta afzalliklar beradi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!