Ukraina nega «VKontakte», «Odnoklassniki» va «Yandeks»ni blokladi?

Ukraina nega «VKontakte», «Odnoklassniki» va «Yandeks»ni blokladi?

Ukraina prezidenti Petr Poroshenko 16 may kuni 3 yil mobaynida Rossiyadagi bir qator jismoniy va yuridik shaxslariga, jumladan internet-kompaniyalarga qarshi sanksiyaga imzo chekdi.

Mazkur sanksiyada Rossiyaning «VKontakte» va «Odnoklassniki» ijtimoiy tarmoqlaridan foydalanishni taqiqlash ham ko‘zda tutilgan. «Yandeks» masalasida esa, bu tarmoqning barcha internet-xizmatlarini hamda bosh qidiruv sahifasini, shuningdek ukrain tilidagi talqinini blokirovka qilish reja qilingan. Natijada, Ukrainada «Yandeks» pochta xizmati, «Yandeks.Mablag‘», «Yandeks.Taksi», «Yandeks.Xarita», «Yandeks.Direkt», «Yandeks.Brauzer», «Yandeks.Foto» kabi xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan saytlardan foydalanishga chek qo‘yiladi. Buyruq matni Ukraina davlati rahbarining rasmiy saytida e’lon qilingan.

Shu bilan birga, mamlakatda Mail.Ru Group kompaniyasiga tegishli ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish ham yopib qo‘iladi. Provayderlar Mail.ru saytiga kirishga ham taqiq qo‘yishlari kerak bo‘ladi. Qolaversa, «Kasperskiy Laboratoriyasi» hamda Dr. Web kabi antivirus ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning saytlari ham blokirovka qilinadi.

Ukraina Rossiyaga nisbatan iqtisodiy sanksiyalarni Rossiyaning «TV Sentr», RBK, VGTRK, «NTV-Plyus», «Zvezda», TNT, REN, OTR kabi yirik telekompaniyalarga nisbatan ham qo‘llanilmoqda. Jumladan, ularni efirlarini Ukraina hududida olib uzatish taqiqlanadi.

Petr Poroshenko Rossiyani kiber-harbiylashgan davlat, deb bilishini, Rossiyaning AQSh va Yevropa davlatlaridagi saylovlarga kiber xurujlar orqali ta’sir o‘tkazgani ma’lum bo‘lgach, hech kim bu kabi ko‘rinmas hujamlarning Ukrainaga nisbatan ham amalga oshirilmasligiga kafolat bermasligini e’lon qilgan.

«Afsuski, Ukraina hukumatining bu sanksiyasi faqat bizga emas, balki ukrainalik 11 million nafar foydalanuvchilarimizga, xizmatlarimizdan foydalanadigan ming-minglab ukrainalik kompaniyalarga ham qarshi. Bu sanksiyaning eng katta jabrlanuvchisi — biz emas, bu —
ukrainalik foydalanuvchilar», deydi «Yandeks» kompaniyasi o‘z bayonotida.