O‘tgan yili «rahmatli» bo‘lgan texnologiyalar

  •   DiMaX
  •  1810
  •  17.01.2017 19:30

O‘tgan yili «rahmatli» bo‘lgan texnologiyalar

Tobora ilgarilab borayotgan fan va texnologiya yutuqlarini, bu boradagi yangi qurilma va dasturlarni o‘zlashtirib olishga ham insoniyat ulgurmayapti, desak ishonavering. Ammo shu bilan birga, bu qurilma va dasturiy ta’minotlarning ayrimlari eskirib, iste’moldan chiqib, tarix sahifalaridan joy olishga ham ulguryapti. CNN Money nashri o‘tgan 2016 yili «rahmatli» bo‘lgan ayrim texnologik mahsulotlar ro‘yxatini taqdim etdi.

iPhone’lardagi quloqchin ulash tirqishi

O‘tgan yilning sentyabr oyida Apple o‘zining simsiz quloqchinlarini ommalashtirish va rivojlantirish maqsadida, yangi smartfonlarida standart 3,5 millimetrlik quloqchin ulash tirqishlaridan voz kechdi. Bu qaror kompaniyaning ko‘plab ixlosmandlariga ma’qul kelmadi, zero, endi yangi iPhone 7 sotib oluvchilar simsiz quloqchinlarni ham xarid qilishga yoki o‘tkazgich ishlatishga majbur bo‘lishadi. Kompaniyaning AirPods deb ataluvchi yangicha quloqchinlari esa ko‘p ham emas, oz ham emas – naq 160 AQSh dollari turadi, axir!

Ehtimol, keng iste’molchilar ommasi hali bunaqa texnologik yangilikni qabul qilishga tayyor emasdir, simsiz quloqchinlar shuning uchun ham g‘alati tuyulayotgandir. Lekin Apple musiqa bozorini rivojlantirishda shu yo‘ldan yurishga jiddiy kirishgan. Balki yaqin kelajakda hammamiz ham simsiz quloqchinlardan foydalanishga o‘tarmiz, o‘shanda hali, bir zamonlar doimo chuvalashib yuradigan simli quloqchinlardan foydalanganimizni kulib eslab yurarmiz…

Samsung Galaxy Note 7

Samsung kompaniyasining boshiga 2016 yil ko‘p tashvishlar keltirdi, ammo ulardan eng dahshatlisi shov-shuvli Galaxy Note 7 smartfonlari bilan bog‘liq.

Oktyabr oyida mazkur qurilmalarning yonib ketishi bilan bog‘liq ko‘p sonli holatlar bois, Samsung bu modelni ishlab chiqarishni to‘xtatdi. Bungacha ham, sotuvlari boshlanganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmay turib, 2,5 million dona Note 7 savdodan qaytarib olindi, tag‘in bu jarayon yaxshi tashkillashtirilmadi ham. Endi esa mazkur smartfonlarni hatto samolyot bortiga birga olib chiqish ham taqiqlangan.

Tahlilchilarning fikricha, Note 7 loyihasi kompaniya sotuvlari 9,5 mlrd dollarga pasayishiga hamda Samsung 5 mlrd dollar sof foydadan quruq qolishiga olib kelgan.

Darvoqe, kompaniyasi o‘zining 3 mln dona idish yuvuvchi mashinalarini ham xuddi shu sabab – portlab ketishi ehtimoliga ko‘ra qaytarib olgan.

Videomagnitofonlar

Filmlar, konsertlar va boshqa videomahsulotlar bir zamonlar tasmali kassetalarga yozilgani va ular videomagnitofonlarga qo‘yib, televizorga ulab tomosha qilinganini aytsangiz, hozirgi yoshlar kulishi mumkin. Axir, ulardan keyin CD va DVD-disklar chiqdi, videofayllarni raqamli saqlagichlar – fleshkalarga ko‘chirib saqlash va uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri TVga ulab tomosha qilish, yana onlayn tarzda ko‘rish mumkin bo‘lgan zamonda bu o‘ta primitiv tuyuladi-da!

Ammo mana bu fakt sizniyam hayron qoldirishiga aminmiz: videokassetali videomagnitofonlarning ishlab chiqarilishi va sotilishi to 2016 yilning yarmigacha davom etgan! Ha, ishonavering, mazkur qurilmalarning oxirgi ishlab chiqaruvchisi – Yaponiyaning Funai Electric kompaniyasi o‘tgan yilning iyul oyida videomagnitofon ishlab chiqarishni to‘xtatdi.

Ushbu texnologiya ommalashuv cho‘qqisini zabt etgan kezlarda mazkur kompaniya yiliga 15 mln videomagnitofon sotgan – bu katta ko‘rsatkich. Ammo texnologiyalar rivojlanib, CD va DVD, keyinchalik esa Blu-ray disklar iste’molga kirib keldi, «bulutli» servislar orqali onlayn rejimda video ko‘rish imkoniyati paydo bo‘ldi… Buni qarangki, hatto shunday taraqqiyot pallasida ham Funai Electric bo‘sh kelmagan – o‘tgan yilning ana shu yarmida ham u 750 ming dona videomagnitofon ishlab chiqarib, iste’molchilarga yetkazgan.

Ilk videomagnitofonlar o‘tgan asrning 60-yillarida paydo bo‘lganini hisobga olsak, bozorni 50 yil ushlab turish – har qanday texnologik mahsulot uchun ham juda yaxshi ko‘rsatkichdir.

Giroskuterlar

2015 yili dunyo bo‘ylab giroskuter ishqibozlari rosa ko‘paydi, lekin o‘tgan yili bu qurilmalar unchalik «o‘tmay» qoldi. Buning sababi esa ushbu matohlar ham yonib yoki portlab ketayotganligi holatlari bo‘ldi. Bu haqdagi xabarlar tufayli, AQShning Iste’mol mahsulotlari xavfsizligi komissiyasi giroskuterlarni xavfli, deb topdi. Shundan so‘ng savdo tarmoqlari o‘z do‘konlari peshtaxtalaridan bu qurilmalarni olib tashlashdi, transport kompaniyalari esa avtobus va poyezdlarda giroskuter olib yurishni taqiqlashdi. Oqibatda 500 mingdan ortiq qurilma o‘z ishlab chiqaruvchilariga qaytarildi.

Yonib ketishlarning sababi – giroskuterlarga o‘rnatilgan litiy-ionli akkumulyatorlar, deb topishdi – Samsung Galaxy Note 7 smartfonlarida ham shunaqalari o‘rnatilgan edi. Garchi ishlab chiqaruvchilar keyinchalik bu qurilmalarda birmuncha xavfsiz texnologiyalarni qo‘llay boshlashgan bo‘lsa-da, yuqorida aytilgan Komissiya baribir ularni qaytarib olishni va savdoga qo‘ymaslikni talab qilishda davom etmoqda.

Microsoft Sunrise ilovasi

2016 yili Microsoft Sunrise (ingl. – «tong») ilovasi uchun ham, ifodali qilib aytadigan bo‘lsak, «kun botishi» pallasi bo‘ldi.

O‘zining ijtimoiy funksiyalariga, uyquni monitoring qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan kalendar tarzidagi mazkur ommabop ilovani korporatsiya 2015 yilning oktyabr oyida qo‘lga kiritgan edi. Ammo oradan bir yil ham o‘tmasdan, Microsoft mazkur loyihani yopdi va Sunrise funksiyalarini o‘zining Outlook pochta servisiga o‘tkazdi. Shu tufayli dasturda xaritalarni qo‘llab-quvvatlash va Skype’ga qo‘ng‘iroq qilish imkoniyati paydo bo‘ldi, shuningdek uchrashuvlar belgilash yanada qulaylashdi.

Facebook Paper ilovasi

Ushbu ilova 2014 yili taqdim etilgan, u Facebook foydalanuvchilariga do‘stlarining profillaridagi yangilanishlarni hamda ommaviy axborot vositalaridagi maqolalarni bir vaqtning o‘zida ko‘rish imkonini berar edi. Ayrimlar bu yondashuvni yangiliklar xizmatlari uchun kelajak texnologiyalari, deb ham baholashdi. Biroq ilova foydalanuvchilarning didiga uncha o‘tirmadi.

Paper ilovasining eng taniqli funksiyasi «Tezkor maqolalar» deb nomlangan edi. Uning yordamida foydalanuvchilar ommabop OAVlarning maqolalarini ko‘rishlari va o‘z telefonlariga yuklab olishlari mumkin edi. Bu vaqtning o‘zida ilovalar aro o‘tishni amalga oshirmasdan turib, Facebook’dagi yangiliklar tasmalarini va shaxsiy xabarlarini kuzatib borishar edi.

Ammo sinov sifatida iste’molga chiqarilgan mazkur ilovani juda kam sonli Facebook foydalanuvchilari ishlatib ko‘rishdi va oxir-oqibatda 2016 yilning 29 iyulida bu servis o‘z ishini to‘xtatdi.

Google Picasa

O‘tgan yilning mart oyida Google fotosuratlarni saqlash va o‘zaro almashish servisi – Picasa uchun qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatdi. Zero, bungacha Google Photos servisi ishga tushirilgan bo‘lib, ikkalovining funksiyalari deyarli bir xil edi. Farqi – Google Photos ancha sifatli mahsulot bo‘lib chiqdi.

Hali kamerali smartfonlar chiqmasidanoq Picasa servisida raqamli suratlarni tahrirlash va tizimlashtirish mumkin edi, shu bois u ko‘plab foydalanuvchilarga juda ma’qul kelgan edi. Servisning yopilishi haqidagi xabar ularni quvontirmadi, lekin Google yangi servisga o‘tish jarayonining silliq kechishini ta’minlay oldi: Picasa’dagi barcha fotosuratlar va albomlarga Google Photos orqali kirish mumkin bo‘ldi.

Motorola

Lenovo kompaniyasi 2016 yilda Motorola nomidan qutuldi, endi u ikkala brendning birlashuvi natijasida olingan Moto by Lenovo savdo markasidan foydalanadi.

Butun dunyoga ilk uyali va radiotelefonlarni taqdim etgan Motorola kompaniyasining ishlari keyingi yillarda yurishmay qolgandi. 2012 yildan beri uni ikki marta sotib olib, yana savdoga qo‘yishdi. Dastlab uni Google 12,5 mlrd dollarga sotib oldi, qidiruv giganti shu yo‘l bilan smartfonlar bozoriga chiqishni mo‘ljallagandi.

Lekin Moto X smartfonlarining savdosi ko‘ngildagidek kechmadi, oxir-oqibatda Google bu kompaniyani Lenovo’ga 2,9 mlrd evaziga sotib yubordi.

Bugungi kunda Moto tizimiga smartfonlar, taqiluvchi qurilmalar va Bluetooth-garnituralar kiradi.

Google Project Ara

Google kompaniyasining Ara deb nomlangan modulli telefoni kuzdayoq savdoga chiqarilishi mo‘ljallangan edi, ammo bu loyihadan tezda voz kechildi.

Google’ning ATAP tajribalar bo‘linmasi uch yildan oshiqroq vaqt mobaynida yangicha innovatsion konsepsiyani yaratgandi, unga ko‘ra, foydalanuvchilar o‘z telefonlarini mustaqil tarzda loyihalashtirishlari mumkin bo‘lishi kerak edi. Rejaga ko‘ra, smartfonning kichkina qismlari LEGO konstruktori bo‘lakchalariga o‘xshash bo‘lib, bemalol ularning o‘rinlarini almashtirish, zaruratga qarab ayrimlarini smartfondan olib qo‘yish yoki ulash imkoni bo‘ladigan edi.

Afsuski, Puerto-Rikoda testdan o‘tkazilganida Ara loyihasi texnik murakkabliklarga duch keldi va o‘ta qimmatga tushishi ma’lum qilinib, to‘xtatildi.

BlackBerry telefonlari

Uyali telefonlari va klaviaturalari bilan mashhur bo‘lgan BlackBerry kompaniyasi endi o‘z qurilmalarini ishlab chiqarmaydi.

O‘tgan yilning sentyabrida kompaniya, endi o‘z hamkorlari bilan birgalikda eski BlackBerry qurilmalariga o‘xshash telefonlar sotish bilan shug‘ullanishini ma’lum qildi. Zero, bir necha yildan beri uning mahsulotlari savdosi muntazam tarzda sekinlashib kelayotgan edi. Endi BlackBerry asosiy e’tiborini dasturiy ta’minot ishlab chiqishga qaratadigan bo‘ldi.

Ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, iPhone paydo bo‘lguniga qadar BlackBerry qurilmalari yuqori darajada ommalashgan edi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!