O‘tgan yilning eng omadsiz texnologiyalari

  •   DiMaX
  •  914
  •  18.01.2017 13:44

O‘tgan yilning eng omadsiz texnologiyalari

Texnologiyalar borasidagi yutuqlar quvonarli, albatta, ammo ular orasida samarasiz chiqqanlari o‘z mualliflariga, ishlab chiqaruvchilariga ziyon keltirishi ham bor gap. Quyida o‘tgan yilning eng muvaffaqiyatsiz chiqqan texnologik yangiliklarini keltirib o‘tamiz.

Yondiradi, kuydiradi…

Yo‘q, bu yerda gap sizu biz bilgan «Sanamgina» qo‘shig‘i haqida emas. 2016 yili Samsung kompaniyasi o‘z tarixida eng zo‘r smartfon, deya maqtab chiqargan  flagman xususida. Maqtasa arzigulik ham edi-da: Galaxy Note 7 ancha salobatli bo‘lib, 5,7 dyuym displeyi, ko‘zning rangdor pardasini skanerlash funksiyasi va qulay stilusi sababli ko‘plab foydalanuvchilarni o‘ziga jalb etdi. Hatto narxi osmonda ekani ham Samsung ishqibozlarini cho‘chitmadi.

Ammo cho‘chigulik hodisalar keyinroq yuz bera boshladi: Note 7 qurilmalari kutilmaganda o‘z-o‘zidan yonib keta boshladi. Avvaliga bu kabi holatlar siyrak uchrab turdi, shu bois koreyalik ishlab chiqaruvchilar sabr qilib, hammasi joy-joyiga tushib ketishini kutishdi. Qayoqda!? Aksincha, ularning flagmanlari uylarda, avtomobillarda, hatto kishilarning shundoqqina qo‘llarida yonib yoki portlab ketayotgani haqidagi xabarlar ko‘paya bordi. Natijada Samsung bu gadjetini ishlab chiqarishni taqqa to‘xtatdi, sotilgan barcha partiyani qaytarib olishga majbur bo‘ldi. Ha, bu Galaxy Note 7 o‘z ishlab chiqaruvchisini yaxshigina «kuydirdi»: kompaniyaning obro‘siga putur yetkazdi, ishqibozlarining ixlosi pasaydi, yana deyarli 20 milliard dollarga «tushirdi»…

GoPro kompaniyasining yomon «Karma»si

Bu kompaniya action-camera (ekshn-kamera – harakat davomida va butun atrofni suratga olishga moslashgan, suvga, zarbaga chidamli raqamli kamera turlari) ishlab chiqarish orqali nom qozongan va ancha «o‘zini tutib» olgan edi. Lekin u 2016 yilda o‘z mahsulotlari safini kengaytirishga qaror qildi va ixcham, yig‘iluvchan kvadrokopter – dron yasadi, uning «ko‘zi» esa, tabiiyki, nomdor GoPro kamerasi edi.

Negadir yangi mahsulotni «Karma» deya nomlashdi, bu so‘z aslida buddaviylik, hinduviylik va boshqa Sharq xalqlari dinlaridan olingan bo‘lib, kishining keyingi hayotidagi taqdiriga ta’sir etuvchi bu hayotidagi amallari va ularning oqibatlari yig‘indisini anglatadi. Hozirgi G‘arbda esa karma so‘zi «taqdir» ma’nosida keng tarqalgan.

Xullasi kalom, GoPro kompaniyasining taqdiri, yo‘g‘e «Karma»si uncha yaxshi emas ekan – sotuvga chiqqan dronlarning aksariyati havoga yaxshi ko‘tarilar, ammo quvvat tizimidagi nosozlik tufayli birdaniga yerga qulab, chil-parchin bo‘lardi. Noiloj, ularning barini qaytarib olishga to‘g‘ri keldi.

Mars zondining qo‘nishi

14 mart kuni «Ekzomars-2016» uchuvchi qurilmasi Boyqo‘ng‘ir (Baykonur) kosmodromidan Qizil sayyora tomon yo‘llandi. Naq 7 oy deganda u Marsga yetib bordi, ammo qo‘nishga kelganda…

Rejaga ko‘ra, qurilma ikki qismga ajraldi, uning «Greys Gas Orbiter» moduli sayyora orbitasida qoldi. Mars yuzasiga esa tushiriluvchi apparat – «Skiaparelli» yo‘l oldi. U yumshoq qo‘nishni amalga oishirish lozim edi, lekin dasturiy ta’minotdagi xatolik pand berib qo‘ydi.

«Skiaparelli» qizil sayyora atmosferasiga kirganidan keyin bir necha soniya o‘tgach, undagi tizim negadir qo‘nish amalga oshirildi, deb hisoblab, qo‘nish uskunalarini o‘chirgan. Natijada apparat bir necha kilometr balandlikdan soatiga 300 kilometr tezlikda Mars yuzasiga qulagan.

Pokemon Go – yangi zamon vasvasasi

O‘tgan yilning yozida Nintendo kompaniyasi mobil ilovaning shuhrati bir chaqnab so‘nishi qanday bo‘lishini butun dunyoga namoyish etdi. Gap o‘sha Pokemon Go haqida ketmoqda – yaponlar uni Niantic studiyasi bilan hamkorlikda salkam uch yil mobaynida ishlab chiqqan edilar. Biroq qo‘shimcha reallikka asoslangan bu o‘yinning birdaniga bunchalik ommalashib kelishini ularning o‘zlari ham kutishmagandir balki.

Butun dunyoda bu o‘yinga qiziqish shu qadar kuchaydiki, hatto serverlar dosh bera olmay qoldi. Ammo keyinroq ma’lum bo‘lishicha, kompaniya tomonidan ko‘zda tutilgan yagona monetizatsiya mexanizmi – o‘yin ichidagi xaridlar ekan. O‘yinchilar o‘z savdo nuqtalariga kirishlari uchun jaraq-jaraq pul to‘lashga tayyor turgan federal riteyl, banklar, sug‘urta kompaniyalari va boshqa boy tashkilotlarning takliflariga yaponlar e’tibor ham berishmadi.

Keyin esa, Pokemon Go qanchalik tez shuhrat cho‘qqisiga ko‘tarilgan bo‘lsa, shunchalik tez quladi. O‘yin boshlanganidan ikki oy o‘tib, pokemon oviga chiqqanlarning deyarli sakson foizi undan voz kechishdi. To‘g‘ri, Nintendo mazkur o‘yini ortidan zarar ko‘rgani yo‘q, ammo buni muvaffaqiyat deb ham bo‘lmaydi.

Kichkina tirqishlarga qarshi katta urush

Apple kompaniyasi bultur oddiy 3,5 millimetrlik tirqishlarga qarshi «katta urush e’lon qildi». iPhone 7 hamda 7 Plus smartfonlari quloqchinlar ulashga mo‘ljallangan shu o‘lchamdagi tirqishlardan mahrum etildi, MacBook Pro noutbuklaridan esa nafaqat «katta» USB-portlar, balki kardriderli MagSafe magnitli quvvatlagichlari ham g‘oyib bo‘ldi.

Yangi standartlarga o‘tish maqsadida tashlangan bu qadam, afsuski, aksincha ta’sir ko‘rsatdi. Endi iPhone smartfonlaridan faqat yangi turdagi – alohida sotib olinadigan simsiz quloqchin yordamida, yoki bo‘lmasa beso‘naqay o‘tkazgichlar orqali oddiy quloqchinlarni ulagan holda musiqa tinglash mumkin bo‘ldi. MacBook uchun esa odatiy tirqishlarga ega «xab»larni 10 dan 50 dollargacha narxda sotib olishga to‘g‘ri keldi.

Bularning bari «olma» ishqibozlari uchun nafaqat qo‘shimcha chiqim, balki foydalanishga juda o‘ng‘aysiz «qo‘ltiqtayoq» ham edi. Bu barcha o‘tkazgichlar chiroyli qurilmaga ulanganida, o‘ta beso‘naqay ko‘rinadi.

Milliard akkauntning ma’lumotlari

Turli kompaniyalarda foydalanuvchilarning ma’lumotlari o‘g‘irlanishi yoki e’tiborsizlik sababli chetga «sizib chiqishi» – ko‘p uchrab turadigan holat. Lekin o‘tgan yili Amerikaning Yahoo kompaniyasi bu borada rekord o‘rnatdi – ularning ma’lumotlar bazasidan naq 1 000 000 000 foydalanuvchining shaxsiy ma’lumotlari tashqariga chiqib ketdi.

To‘g‘ri, kompaniya barcha foydalanuvchilarini o‘z parolini o‘zgartirishga majbur qildi, lekin ismlar, manzillar, telefon raqamlari, tug‘ilgan kun sanalari… kabi shaxsiy ma’lumotlar tarqalib bo‘lgan edi. Qizig‘i, bungacha ham Yahoo shu kabi kamchilikka yo‘l qo‘ygan, ammo ular «kichikroq ko‘lamli» bo‘lib, ularda 200 ming va 500 ming akkaunt ma’lumotlari sizib chiqqan edi.

 Harakat va xarajatlar bekor…

Project Ara – Google kompaniyasining modulli telefoni loyihasi bo‘lib, uning ishlari 2012 yildayoq boshlangan edi. Unga ko‘ra, telefonning qismlari (ekran, kamera, protsessor, xotira) olinuvchan bo‘ladi, egasi mustaqil tarzda ulardan istalgan birini ajratib qo‘yishi, boshqa joyga ulashi, xullas – smartfonini o‘z ko‘nglidagidek shaklga keltirishi mumkin bo‘lar edi.

Bu gadjet haqidagi ma’lumotlar va uning suratlari internetda tarqab ketdi, uni ko‘pchilik kutar va forumlarda muhokama qilar edi. Hatto keyinroq jurnalistlar uning bitta namunasini jonli tarzda ko‘rishga ham muvaffaq bo‘lishdi. Biroq sentyabrda Google kutilmaganda bu loyihani yopib qo‘ydi.

Ta’kidlash kerakki, boshqa bir modulli smartfon – LG G5 savdosi uncha yurishmagan edi; zero, garchi qiziq g‘oya bo‘lsa-da, keng foydalanuvchilar ommasiga smartfonning bo‘laklarini ajratib-ulab yurish ma’qul kelmas ekan. Balki Google shu loyiha taqdiridan xulosa chiqargandir, shu bois qilingan barcha harakatlar va xarajatlariga ko‘zini chirt yumib, loyihani to‘xtatib qo‘ygandir.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!