«UZ» domenidagi saytlar soni 26 mingga yetdi

«UZ» domenidagi saytlar soni 26 mingga yetdi

Joriy yilning 11 fevral kuni milliy «UZ» domenida ro‘yxatdan o‘tgan veb-saytlar soni 26 mingtaga yetgan. O‘tgan yilning shu davri bilan solishtirganda milliy domenning o‘sish sur’ati 130 foizdan yuqori. Bu haqida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarinini rivojlantirish vazirligining Axborot xizmati xabar bermoqda.

www.uz milliy qidiruv tizimi katalogida ro‘yxatdan o‘tgan elektron axborot resurslari soni esa 10 ming atrofida bo‘lib, ularga tashrif buyuruvchi oylik internet foydalanuvchilari soni 31 milliondan oshadi.

Birinchi darajali «UZ» milliy domeni ilk marotaba 1995 yilning 29 aprel kuni ro‘yxatga olingan. 2010 yil 25 fevral holatida milliy internet hududida 11 mingta veb-sayt faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2014 yilga qadar ular soni 20 mingdan oshgan.

Aytib o‘tish joizki, mazkur ko‘rsatkich va raqamlar «UZ» domenidagi 2 darajali veb-saytlarga taalluqli. Milliy domen hududidagi 3 darajali veb-saytlar (misol uchun: domennomi.for.uz, www.maktab.zn.uz ) bepul taqdim etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002 yil 30 maydagi 3080-sonli “Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, ICANN xalqaro tashkiloti bilan tuzilgan kelishuvga ko‘ra, milliy domenni boshqarish huquqi UZINFOCOM markaziga berilgan. Ayni kunda ushbu markaz «UZ» domenining administratori hisoblanadi.

Bugun O‘zbekistonda milliy domenni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan shug‘ullanadigan 18 ta muassasa bo‘lib, ularning 9 nafari viloyat kompyuterlashtirish markazlari hisoblanadi. Veb-saytni ro‘yxatga olish xizmati o‘rtacha 25-50 ming so‘mni, yillik uzaytirish narxi 25 ming so‘mni tashkil etadi. Milliy domenda veb-sayt tashkil qilish istagida bo‘lgan xohlovchilar ro‘yxatga oluvchilarga fuqarolik pasportlarini taqdim etishlari kerak bo‘ladi. Batafsil bu yerda bilib oling.

Bu yo‘nalishda xizmat ko‘rsatish sifatini yuksaltirish, domenlarni ro‘yxatga olishda sog‘lom muhitni shakllantirish maqsadida, UZINFOCOM markazi tomonidan domenlarni ro‘yxatga oluvchilar va ma’murlarning vazifalari taqsimlab berilgan.

The Atlantic nashrining yozishicha, 1994 yilda xalqaro internet tarmog‘idagi veb-saytlar soni 3 ming atrofida bo‘lgan. 2014 yil oxiriga qadar “jahon o‘rgimchak to‘ri”da faoliyat ko‘rsatayotgan saytlar soni 1 milliardga yaqinlashgani aniqlangan. 20 yildagi o‘sish sur’ati – 33 million foizni tashkil qiladi. Har kuni yer yuzida 12 mingta veb-sahifa faoliyati yo‘lga qo‘yilar ekan.