“O‘zbekiston havo yo‘llari” bortlarida Samsung Galaxy Note 7 smartfonini tashish taqiqlandi

“O‘zbekiston havo yo‘llari” bortlarida Samsung Galaxy Note 7 smartfonini tashish taqiqlandi

“O‘zbekiston havo yo‘llari” kompaniyasi o‘z samolyotlariga Malayziyadan yurtimizga uchib kelayotgan yo‘lovchilar uchun Samsung Galaxy Note 7 smartfonini olib chiqishni cheklab qo‘ydi.

Malayziya davlat aviatsiya nazorati tashkilotining maxsus ko‘rsatmasiga binoan, parvozlarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida, Malayziyadan  “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviatashuvchisining bortlarida  yurtimizga uchib keladigan yo‘lovchilarga Samsung Galaxy Note 7 modelini samolyotga olib chiqish va tashish taqiqlangan.

Janubiy Koreya kompaniyasiga tegishli mazkur smartfon bilan sodir bo‘lgan so‘nggi yonib ketish holatlari bunga sabab bo‘lganligi qayd etiladi. Yo‘lovchilar milliy aviakompaniya reyslari orqali Malayziyadan uchayotgan samolyotlarda mazkur smartfonni qo‘l yukida olib chiqish, yukxonaga topshirish yoki jo‘natma sifatida yubora olmaydilar.

Milliy aviatashuvchining saytida berilgan xabarda bunday cheklov faqat Malayziyadan uchib keladigan reyslar uchun amal qilishi qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, 11 oktyabr kuni Samsung kompaniyasi Galaxy Note 7 modelini ishlab chiqarishni rasman butunlay to‘xtatishi haqida ma’lum qilgan edi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.