O‘zbekiston Microsoft bilan aloqalarni kuchaytiradi

O‘zbekiston Microsoft bilan aloqalarni kuchaytiradi

20 iyunda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida Microsoft korporatsiyasining MDH davlatlarida biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Irina Volk boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu to‘g‘rida vazirlik Axborot xizmati xabar bermoqda.

Uchrashuvda Microsoft axborot texnologiyalari sohasida boy tajribaga ega jahondagi yirik muassasalardan biri ekani qayd etilgan. Jumladan, amerikalik ishlab chiqaruvchi konsalting xizmatlarini ko‘rsatish, IT-arxitekturasini loyihalashtirish va AKT mahsulotlari ishlab chiqarishda yetakchi hisoblanadi.

O‘z navbatida, Microsoft kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishida istiqbolli loyihalarni amalga oshirilishi har ikki tomon uchun manfaatli.
Jumladan, uchrashuvda dasturiy ta’minotlar, AKT-ta’lim, “aqlli shahar” texnologiyalari, ma’lumotlarni “bulutli” saqlash tizimlari, AKT xizmatlarida autsorsingni rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni mustahkamlash maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Shuningdek, axborot xavfsizligini ta’minlash va AKT sohasida intellektual mulk bilan bog‘liq huquqlarni ta’minlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni davom ettirishga xayrixohlik bildirib, tegishli yo‘nalishlarda anglashuv memorandumlari asosida birgalikda ishlashga kelishib olganlar.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!