O‘zbekistonda AQShning ilk universiteti o‘z bo‘linmasini ochadi

O‘zbekistonda AQShning ilk universiteti o‘z bo‘linmasini ochadi

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining xabar berishicha, 28 iyun kuni vazirlikda Webster universiteti ta’lim ishlari, xalqaro kampus va tashabbuslar bo‘yicha vitse-prezidenti Piter Maher ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tgan.

Unda Webster universiteti hamda Toshkent axborot texnologiyalari universitetlari o‘rtasida AKT sohasi uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik muhokama qilingan. Xususan, birgalikda talabalar uchun ta’limiy va talaba almashinuv dasturlarini, shuningdek ilmiy tadqiqotlarni tashkil qilishda istiqbolli loyihalar yuzasidan fikr almashilgan.

Har ikki tomon vakillari Vebster universiteti bilan hamkorlik axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash, xalqaro standartlar asosida soha mutaxassislarining zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlaganlar.

Shuningdek, Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining yozishicha, universitet Amerikaning Wyebster universiteti bilan kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzolagan. Shu munosabat bilan, universitetda Webster universiteti delegatsiyasi ishtirokidagi uchrashuvda amerikalik universitetning xalqaro ta’lim dasturi asosida TATUda o‘z fakultetini tashkil etishi bo‘yicha muzokaralar olib borilgan.

Universitetlar bakalavriatura yo‘nalishiga axborot texnologiyalari, axborot xavfsizligi, televizion texnologiyalar bo‘yicha o‘quv dasturlarini joriy qilish bo‘yicha kelishib olganlar.

1915 yilda asos solingan Webster universiteti AQSh ning Missuri shtatida, Sent-Luise shahrida joylashgan. Vebster xususiy notijorat oliy ta’lim muassasasi bo‘lib, unda 17 000 nafar talaba qator yo‘nalishlarda, jumladan axborot texnologiyalari va kommunikatsiya sohasida ta’lim oladi. Universitet Yevropa, Osiyo hamda Afrika mintaqalarida o‘z kampuslariga ega.