O‘zbekistonda elektron vizalar tizimi joriy etiladi

O‘zbekistonda elektron vizalar tizimi joriy etiladi

O‘zbekistonda 2018 yildan boshlab elektron vizalar tizimi joriy etiladi. Bu haqda mamlakatning yangi saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida belgilab bergan, deya yozadi Kun.uz.

Hujjat turizm tarmog‘ini jadal rivojlantirishni ta’minlash, turizmga iqtisodiyotning strategik sektori maqomini berish, uni mamlakat iqtisodiyotini barqaror o‘stirishning, mintaqalarda turizm salohiyatidan samarali foydalanishning, aholi turmush darajasi va sifatini oshirishda turizm rolini kuchaytirishning qudratli vositasiga aylantirishga qaratilgan.

2017 yilning 1 yanvaridan boshlab turizm faoliyatiga litsenziya berish vazifasi Vazirlar Mahkamasidan yangi tashkil qilingan davlat qo‘mitasiga o‘tkaziladi, bunda mehmonxonalar va odamlar yashaydigan boshqa joylarning litsenziya olishlari to‘g‘risidagi talab bekor qilinadi.

O‘z navbatida 2018 yildan boshlab xorijiy turistlarga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan umumiy ovqatlanish korxonalari va avtotransport korxonalarini xorijiy turistlarning hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligini ta’minlash maqsadida majburiy sertifikatlash joriy etiladi.

Xorijiy turistlar uchun O‘zbekistonning jozibadorligini oshirish maqsadida davlatning viza siyosatini tubdan liberallashtirishni nazarda tutuvchi farmonning eng muhim jihati quyidagilardan iboratdir:

– 2017 yilning 1 aprelidan boshlab 15 davlat, shu jumladan Avstraliya, Avstriya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Ispaniya, Italiya, Kanada, Lyuksemburg, Niderlandiya, Janubiy Koreya, Singapur, Finlyandiya, Shveysariya va Yaponiya kabi davlatlarning turistlari, shuningdek 55 yoshga to‘lgan va turizm maqsadida 30 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga keluvchi 12 davlat, shu jumladan Belgiya, Indoneziya, Xitoy (turistlar guruhlari tarkibida), Malayziya, AQSh, Fransiya, Vetnam, Isroil, Polsha, Vengriya, Portugaliya va Chexiyaning fuqarolari uchun viza rejimi butunlay bekor qilinadi;
– barcha mamlakatlar uchun 30 kun muddatga beriladigan yagona turizm vizalari joriy etiladi, vizalar olish, shu jumladan viza olish so‘rovnomalarini to‘ldirishning onlayn tizimidan foydalangan holda olish tartibi sezilarli ravishda soddalashtiriladi, shuningdek 2018 yildan boshlab elektron vizalar tizimi joriy etiladi.