O‘zbekistonda TV auditoriyasini hisoblash tizimi joriy qilinadi

O‘zbekistonda TV auditoriyasini hisoblash tizimi joriy qilinadi

O‘zbekistonda televizion auditoriyani hisoblash tizimi joriy etiladi. Bu haqda 29 may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan milliy mediakengash taqdimoti chog‘ida ma’lum qilindi, deb xabar beradi Daryo.uz.

Ushbu tizim aholining televizion qiziqishlarini o‘rganishga xizmat qiladi.

Hisoblashlar ikki bosqichda O‘zbekistonning 18 shahri aholisi orasida piplmetrlar yordamida o‘tkaziladi. Birinchi bosqichda (2018–2019) 400 oila, ikkinchi bosqichda esa (2020–2022) 550 oila qamrab olinadi.

Tadqiqot byudjeti 4,27 million dollarni tashkil qiladi. Tizimni tashkil etish bo‘yicha tenderni Kantar TNS yutib oldi. Ishtirokchilar orasida, shuningdek, GFK, Nielsen va Atmosphere Group bor edi.

Tadbirda, shuningdek, televizion reklama masalasi ham ko‘tarildi. Aytilishicha, O‘zbekistonda televizion reklama bozori hajmi 22 million dollarga baholanadi, aholi jon boshiga reklama xarajatlari hajmi — 0,5−0,7 dollar. Jahonning eng yirik 20 ta reklama beruvchilaridan faqat oltitasi mamlakat mediabozorida ishlamoqda. Qiyos uchun, Rossiya va Qozog‘istonda bu ko‘rsatkich 16 ga, Ukrainada esa 12 ga teng.

Bugun O‘zbekistonda 40 ta telekanal ishlamoqda. Ularning 14 tasi Milliy teleradiokompaniya tarkibida, 13 tasi mintaqaviy, 15 tasi xususiydir.

Milliy mediakengash — professional tarmoq birlashmasi bo‘lib, uning muassislari O‘zbekistonning teleradiokompaniyalari, kabel va raqamli televideniye operatorlari hamda reklama agentliklaridir.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!