vivo ikkita flagman smartfonni taqdim etdi

vivo ikkita flagman smartfonni taqdim etdi

Va nihoyat anchadan beri mish-mishlarda nomi tushmayotgan vivo X80 seriyasi taqdim etildi. Qiziq tomoni shundaki, kompaniya seriyadagi eng asosiy smartfon bo‘lgan X80 Pro+ modelini taqdim etmadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u shu yilning uchinchi choragida taqdim etiladi. Hozircha faqat X80 va X80 Pro modellari taqdim etildi. 

vivo X80 Pro 

Xuddi Oppo kabi vivo ham X80 Pro modelining Snapdragon 8 Gen1 va Dimensity 9000 chipi bilan jihozlangan versiylarini taqdim etdi. Kechagi tadbirda e’lon qilingan smartfonlar faqat Xitoy bozori uchun ishlab chiqiladi. Xalqaro bozorga qaysi versiyadagi qurilma sotuvga chiqishi noma’lum bo‘lsa-da, katta ehtimol bilan bu Snapdragon chipli versiya bo‘ladi. 

Flagman chipidan tashqari smartfon flagman displeyga ham ega, ya’ni unga QHD+ rezolyutsiyadagi Samsung kompaniyasining E5 LTPO2 AMOLED displeyi o‘rnatilgan. Ushbu displey adaptiv yangilanish chastotaga ega bo‘lib, 1-120 gerts chastota orasida ishlay oladi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, displeyning quvvat samaradorligi o‘tgan yilgi X70 Pro+ modelinikiga nisbatan ancha yaxshilangan. 

X80 Pro ekranosti ultra tovushli barmoq izi skaneri bilan jihozlangan bo‘lib, uning barmoq izini o‘qish maydoni 38.7% ga kattalashgan. Shu kungacha faqatgina ba’zi smartfon ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ushbu turdagi barmoq izi skaneridan foydalanayotgan edi. 

Kameralar haqida ma’lumot beradigan bo‘lsak, orqa panelda to‘rtta kamera sensorlari joylashgan. Samsung kompaniyasining 50MP 1/1.3 dyuymli ISOCELL GNV sensori qurilmaga asosiy kamera sifatida o‘rnatilgan.

Sensor f/1.57 diafragma linzasi va optik tasvir barqarorlashtirgichiga ega bo‘lib, unga lazerli avtofokus va Piksel shift texnologiyalari yordam beradi. 

Sony IMX663 sensori esa 2x optik zum kamera vazifasini bajaradi. U 1.2 mikron piksel kattaligi, f/1.85 diafragma linzasi va gimbal optik tasvir barqarorlashtirgichiga ega. Shuningdek, ushbu zum kamera portret suratlarni ham olishi mumkin. 

8 megapikselli 5x telefoto kamera ham optik tasvir barqarorlashtirgichiga ega. 48 megapikselli Sony IMX598 sensori esa ultrakeng kamera vazifasini bajaradi. 

Barcha kameralar Zeiss kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqarilgan. Xuddi X70 seriyasidagi modellarga o‘xshab, X80 va X80 Pro modellari ham takomillashgan vivo V1+ ISP chipiga ega bo‘lib, u orqali tunda suratga olish imkoniyatlarini yaxshilash mumkin. 

Old panelda esa f/2.5 diafragmadagi 32 megapikselli selfi kamera joylashgan. Qurilma 80 vattda quvvat oluvchi 4,700 mAs sig‘imdagi akkumulyatorga ega. U, shuningdek, 50 vattda simsiz quvvat oladi. 

Snapdragon 8 Gen1 chipiga ega bo‘lgan versiya 8/256GB, 12/256GB va 12/512GB xotira turiga ega bo‘lsa, Dimensity 9000 chipdagi versiya faqatgina 8/256GB va 12/256GB xotira hajmiga ega. Qurilmaning narxi quyidagicha: 

8/256GB - 840 dollar

12/256GB - 915 dollar

12/512GB - 1020 dollar 

vivo X80

Seriyadagi eng arzon model bo‘lishiga qaramay, X80 ham Dimensity 9000 chipi bilan jihozlangan. Uning Snapdragon 8 Gen1 chipli versiyasi mavjud emas. 

Qurilmaga 6.78 dyuymli Samsung E6 AMOLED displeyi o‘rnatilgan. U LTPO2 texnologiyasiga ega emas. Displey 1500 nit yorqinlik darajasiga ega bo‘lib, 120 gerts chastotani qo‘llab-quvvatlaydi. 

Kamera texnik jihatlari Pro modelnikidek emas. 1/1.49 dyuymli 50MP Sony IMX866 sensori asosiy kamera vazifasini bajaradi. Ushbu sensor f/1.75 diafragma linzasi va optik tasvir barqarorlashtirgichiga ega. 2x telefoto kamera esa X80 Pro modelidan o‘tgan, faqat uning diafragmasi biroz kichikroq - f/1.98. 

5x telefoto kamera mavjud emas. 12MP Sony IMX663 sensori ultrakeng kamera vazifasini bajaradi. Selfi kameraning rezolyutsiyasi esa 32 megapikselni tashkil qiladi. 

X80 modeli 4,500 mAs sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan bo‘lib, u 80 vattda quvvat oladi. Afsuski, ushbu model simsiz quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlamaydi. 

Pro modeldan farqli o‘laroq oddiy model IP68 standartiga ega emas. Shuningdek, unga ultra tovushli barmoq izi skaneri emas, balki optik barmoq izi skaneri o‘rnatilgan. Qurilma Android 12 operatsion tizimiga asoslangan OriginOS Ocean garfik qobig‘ida ishlaydi. Ammo bu faqat Xitoy bozori uchun ishlab chiqiladigan modellarga tegishli. Global versiyalar esa katta ehtimol bilan FuntouchOS grafik qobig‘iga ega bo‘ladi. 

Smartfonning 8/128GB, 8/256GB, 12/256GB va 12/512GB xotiraga ega bo‘lgan turlari mavjud bo‘lib, uning narxi quyidagicha: 

8/128GB - 565 dollar

8/256GB - 610 dollar

12/256GB - 670 dollar

12/512GB - 745 dollar

Ikkala modelga ham hozirda buyurtma berish mumkin. Yetkazib berish esa 29 apreldan boshlanadi. 

O‘QING: Ilon Mask endi o‘z ijtimoiy tarmog‘iga ega 

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.