«VKontakte» o‘z universitetini ochadi

«VKontakte» o‘z universitetini ochadi

«VKontakte» ijtimoiy tarmog‘i «VK University» (https://vk.com/vku) ta’lim blokini ishga tushirish va kompaniyada shu nomdagi bo‘lim ochishini e’lon qildi. Yosh dasturchilar o‘quvlarini tashkil etish, talabalar dasturlashini moddiy va boshqa jihatdan qo‘llab-quvvatlash, dasturchilar uchun turli musobaqalarni o‘tkazish uning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.

«Gap alohida yuridik shaxs tashkil etish haqida ketmayapti. Biz ko‘pdan buyon olimpiadaviy dasturlash va iqtidorli yosh dasturchilarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqdamiz. Endi esa biz ta’limiy blokni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bilan mashg‘ul bo‘ladigan mutaxassislar guruhini jalb etgan holda mazkur yo‘nalishga alohida diqqat qaratamiz», – deydi «VKontakte» matbuot kotibi Georgiy Lobushkin.

Loyiha maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari va ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun mo‘ljallangan. Mashg‘ulotlar Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tadi, biroq kompaniya ma’ruzalarni internetga ham joylashtirishni rejalashtirmoqda. Aksariyat ma’ruza va master-klasslar ijtimoiy tarmoq dasturchilari tomonidan o‘tkaziladi. Ta’limiy dasturlarda qatnashish bepul.

Xabarlarga ko‘ra, iOS dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha uch oylik kurs yangi blok doirasida bo‘lib o‘tadigan birinchi yirik loyiha hisoblanadi. Shuningdek, «VKontake» kelgusida Android va boshqa yo‘nalishlarda dasturiy ishlanmalar yaratish bo‘yicha ma’ruzalar turkumini tashkil etadi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!