VKworld T3 – jahondagi eng baland tovushli telefon
VKworld kompaniyasi dunyoda analoglari bo‘lmagan T3 smartfonini namoyish qildi. Telefonga sezilarli darajada katta dinamik o‘rnatilgan. Dinamikning o‘lchamlari – 25x35 mm, tovush balandligi bo‘yicha smartfon boshqa qurilmalarni changida qoldirib ketadi. Uning ovoz balandligi 146,1 dB. iPhone 6S’dan (78,1 dB) bu deyarli ikki baravar yuqori.
Baland tovushdan tashqari smartfon baslarni ham yaxshi chiqaradi, go‘yo uning ichida sabvufer borday. Shunday bo‘lsa-da bundan telefon qalinlashib ketmagan (8,7 mm).
VKworld T3 korpusi 35 ta turli sinov bosqichlaridan o‘tkaziladigan metall rama bilan kuchaytirilgan. Telefonning orqa tarafidagi qopqoq teksturali yuzaga ega bo‘lib, unda barmoq izlari qolmaydi, apparat qo‘ldan tushib ketmaydi. Multimedia dinamigi qopqoqning quyi qismidagi perforatsiya ostiga joylangan.
Smartfonga 5-dyuymli, IPS matritsadagi HD displey o‘rnatilgan. Ekran ostiga uchta sensorli boshqaruv tugmalari joylangan, yuqorida esa indikator va old kamerani ko‘rish mumkin
Tezkor xotira – 2 GB, doimiy xotiraning hajmi – 16 GB. Asosiy kamera – 8 MP, old kamera – 2 MP. Akkumulyatorning sig‘imi – 2500 mA/soat.
Telefon narxi haqida hozircha ma’lumot berilmagan.