Vphone firmasi Android’da ishlaydigan eng kichkina smartfonni chiqaradi
Xitoyning Vphone kompaniyasi Android bazasida ishlaydigan eng kichik smartfonni ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Smartfonga Vphone S8 nomi beriladi. Bu borada kompaniyaga tayanib 4PDA nashri xabar tarqatdi.
Xabarda yozilishicha, qurilma ekranining diagonali bor-yo‘g‘i 1,54 dyuymni tashkil qiladi va 2,5D shisha bilan qoplanadi. Gadjetning o‘lchami – 46,7 x 37,3 x 9,9 mm, og‘irligi 30 gramm bo‘lishi tasdiqlangan. Eng qizig‘i, firma muhandislari mitti smartfonga 3,5 millimetrli audio slotni qo‘shishni maqsad qilishgan.
Vphone S8 modeliga, odatda, arzon smart-soatlarda ishlatiladigan MediaTek MT2502 protsessori o‘rnatiladi. Gadjet GSM 850/900/1800/1900 MGs tarmoqlarida ishlay oladi, unga bitta SIM-karta sloti va sig‘imi 380 mA/st bo‘lgan batareya joylanadi. Bundan tashqari, kommunikatorda Bluetooth 4.0 interfeysi, FM-radio va 8 GB doimiy xotira ko‘zda tutilishi ma’lum qilingan. Shu bilan birga mitti gadjet pulsometr va pedometr (qadam o‘lchagich) funksiyalariga ega bo‘ladi.
Gadjet ikki xil rangda (qora va kumushrang) tayyorlanadi, narxi hozircha noma’lum.