WhatsApp ayrim mamlakatlarda asosiy yangiliklar servisiga aylandi

  •   DiMaX
  •  839
  •  27.06.2017 12:43

WhatsApp ayrim mamlakatlarda asosiy yangiliklar servisiga aylandi

Jurnalistikani o‘rganish bo‘yicha Reyter instituti tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, WhatsApp messenjerining ommabopligi oshib borayotir. So‘rov 36 mamlakatdagi 71 805 nafar respondent orasida o‘tkazilgan, deb yozadi Engadget nashri. Aniqlanishicha, ko‘pchilik mamlakatlarda WhatsApp yetakchi muloqot servisi bo‘libgina qolmasdan, balki so‘nggi yangiliklardan boxabar bo‘lishning asosiy vositasi hamdir.

So‘ralganlarning 47 foizi yangiliklarni o‘qish uchun birinchi navbatda Facebook ijtimoiy tarmog‘iga kirishini aytgan, lekin o‘tgan yilgigiga solishtirganda, bu raqam bo‘yicha ko‘pchilik mamlakatlarda pasayish seziladi. 15 foiz so‘ralganlar esa dunyo voqealari haqida xabarlar olish uchun WhatsApp messenjeriga murojaat etishar ekan. Ayrim mamlakatlarda bu ko‘rsatkich juda yuqori: Malayziyadagi so‘ralganlarning yarmidan ko‘prog‘i, braziliyalik respondentlarning esa 46 foizi ushbu servisdan asosiy yangiliklar olish vositasi sifatida foydalanar ekan. Shuningdek, Chili, Singapur, Gonkong, Ispaniya va Turkiyada ham WhatsApp ommalashib borayotgani qayd etilgan.

Yangiliklardan boxabar bo‘lish uchun kishilar nega birinchi navbatda chat-ilovaga murojaat etishadi? Buning ikkita asosiy sababi bor. Birinchidan, so‘rov o‘tkazilgan mamlakatlarning ayrim uyali aloqa operatorlari o‘z internet-to‘plamlariga WhatsApp uchun bepul trafik ham qo‘shib taqdim etishadi. Ikkinchidan, mazkur servisdagi uzluksiz shifrlash texnologiyasi kishilarni jalb etadi. Xususan, hukumatga qarshi kayfiyatdagi fikrlarini oshkora ifodalash xavfli bo‘lgan davlatlarda aholi mazkur axborot kanallarini ma’qul ko‘radi.

Shuningdek, Facebook’ka bo‘lgan ishonch birmuncha susaygani hamda mazkur ijtimoiy tarmoqda mederatsiya o‘ta qattiqligi – nashr etilganlar o‘chirilishi va akkauntlar bloklanishi ham WhatsApp’ning foydasiga ishlagan. Eslatib o‘tamiz, yaqindagina Ogilvy  xalqaro aloqa agentligi bosma ommaviy axborot vositalarining 250 nafarga yaqin muharri va muxbirlari orasida so‘rov o‘tkazgan edi. Uning natijalariga ko‘ra, bugungi kunda Facebook ijtimoiy tarmog‘i yangiliklarning asosiy yetkazuvchisiga aylangan.