WhatsApp’da «Tarix» paydo bo‘ldi

  •   DiMaX
  •  948
  •  21.02.2017 15:33

WhatsApp’da «Tarix» paydo bo‘ldi

O‘tgan yilning sentyabrida WhatsApp ishlab chiquvchilari qiziqarli yangilanishlar bilan o‘z foydalanuvchilarini xursand qilishgan edi, deya xabar qiladi thenextweb.com. Messenjerda endi o‘z «status»i sifatida suratlar, video va GIF-fayllarni o‘rnatish mumkin bo‘lyapti. Bulardan yaqin orada iOS, Android va Windows Phone tizimlaridagi qurilmalarga ega barcha yuzerlar foydalanishlari mumkin.

WhatsApp’ning yangi imkoniyatlari xuddi Snapchat va Instagram’dagi «Tarix» («Istoriya») funksiyasiga o‘xshab ketadi. Endi siz videolavha yoki suratga izoh sifatida emotikon, matn yoki surat qo‘sha olasiz. O‘zingiz tomoningizdan ruxsat taqdim etilgan kontaktlaringizga yangilangan statusingiz ko‘rinadigan bo‘ladi.

Oradan 24 soat o‘tgach, status o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib qoladi. Bungacha kishilar unga xabar – izoh qoldirishlari mumkin bo‘ladi. Xuddi oldingidek, siz barcha uchun yoki tanlangan kontaktlar uchun izohlash imkoniyatini o‘chirib qo‘yishingiz mumkin.

Kompaniya sohiblarining so‘zlariga ko‘ra, yangi kiritilgan o‘zgarishlar foydalanuvchilarga qisqagina bitta status orqali o‘z ishlari haqida so‘zlab berish imkoniyatini taqdim etadi.

Yangi funksiyadan foydalanish uchun, WhatsApp’dagi «Status» varaqasiga kiring. Bu yerda kontaktlaringizning status yangilashlarini ko‘rishingiz yoki o‘z statusingizni yangilab, ulashishingiz mumkin. Agarda bu funksiyalar ko‘rinmasa, demak, ilovangizning versiyasini yangilashingiz kerak ekan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!