Wi-Fi-kuldon kashandalarga chekishni tashlashga yordam beradi

Wi-Fi-kuldon kashandalarga chekishni tashlashga yordam beradi

Wi-Fi-choynak, Wi-Fi-tarozi, WiFi-chiroqlardan so‘ng uy uchun mo‘ljallangan turfa xil aqlli gadjetlar safini Wi-Fi-kuldonlar ham to‘ldiradigan bo‘ldi. Bir qaraganda u ahmoqona ixtiroga o‘xshaydi, biroq bugungi kunda mHealth nomi ostidagi yana bir yangi soha jadallik bilan rivojlanmoqda. Ishlab chiqaruvchilarning ta’kidlashlaricha, yangicha kuldon kashandalarga chekishni tashlashga yordam beradi. U kun davomida chekilgan sigaretlar soni, uning uchun sarflangan mablag‘ hamda salomatlikka yetkazayotgan zararini hisob-kitob qilib boradi.

Tashqi tomondan kuldon an’anaviylariga aynan o‘xshash. Faqatgina undagi Wi-Fi yozuvi hamda ichiga o‘rnatilgan akkumulyatorini quvvatlash uchun mo‘ljallangan microUSB chiqish porti bilan farqlanadi. Gadjetdan foydalanish uchun, albatta, smartfon zarur. Ishlab chiqaruvchilar kuldonning Android, iOS va hattoki Windows mobil talqini uchun ham ilova taqdim etilishiga va’da berishmoqda. Unga chekuvchining yoshi, tana vazni, kashandalik staji, sarflangan mablag‘larni hisoblash uchun sigaret markasi haqidagi ma’lumotlar kiritiladi. Kashfiyotchilar kuldonning ishlash uslubini sir tutishmoqda (uni patentlash rejalashtirilgan), biroq uning ichiga sigaret kuli miqdori va vaznini o‘lchab boradigan og‘irlik modulining o‘rnatilishiga ishora qilishmoqda.

Ilova kashanda belgilangan kunlik me’yordan oshib ketsa yoki aksincha, uni qisqartirsa muvaffaqiyatini e’tirof etadigan alohida push ogohlantiruvchi xabarni yuboradi. Ishlab chiqaruvchilarning so‘zlariga ko‘ra, akkumulyatorining quvvati bir oyga yetishi lozim. Yangi mahsulotning kutilayotgan bahosi — 19 AQSh dollari.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!