Windows’da dasturni qayta o‘rnatishsiz boshqa diskka ko‘chiramiz

  •   DiMaX
  •  1188
  •  06.05.2017 12:14

Windows’da dasturni qayta o‘rnatishsiz boshqa diskka ko‘chiramiz

Istalgan bir dasturni o‘rnatish jarayonida, installyatorlari uni qayerga o‘rnatishni so‘raydi. Kamdan-kam kishi uni sukut bo‘yicha belgilangan jilddan boshqa joyga, masalan, ikkinchi diskka o‘rnatadi. Natijada S diskidagi dasturlar jildi hajmi kattayib boraveradi. Oxir-oqibatda diskning o‘zida joy kamayib, biror yangi dasturni o‘rnatish chog‘ida nimanidir o‘chirib tashlashga to‘g‘ri keladi.

Bu muammoni yechish uchun FreeMove utilitasi yordamga keladi. U istalgan jildni, jumladan – dasturlar o‘rnatilgan jildni ham, ularning funksionalligini yo‘qotmasdan boshqa joyga ko‘chirish imkonini beradi.

FreeMove’ning qanday ishlashini anglash uchun quyidagi skrinshotga qarash kifoya. Siz ko‘chiriladigan jildni tanlashingiz, shuningdek, uni qayerga ko‘chirish lozimligini ko‘rsatishingiz kerak. Keyin esa «Move» tugmachasini bossangiz bas.

Shu yerdagi «Set original folder to hidden» opsiyasiga e’tibor bering. U dastlabki jildni yashirin holatga keltirish imkonini beradi, bu esa keyinchalik siz ularni chalkashtirib yubormasligingiz uchun kerak. Gap shundaki, FreeMove barcha jildlar va fayllarni siz ko‘rsatgan yangi joyga ko‘chiradi, eski manzilda – ularning o‘rnida esa o‘sha yangi joydagi fayl va jildlarga yo‘llovchi havolalar yaratib qo‘yadi. Shunday ekan, ularni o‘chirmang, balki yashirin holga keltirib qo‘ysangiz yetarli.

FreeMove dasturini mana bu yerdan ko‘chirib olib o‘rnatishingiz va bepul ishlatishingiz mumkin. Uni o‘rnatish ham shart emas, ammo ishlashi uchun kompyuteringizda Microsoft .NET Framework 4 mavjud bo‘lishi kerak.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!