Windows'ga ichki o‘rnatilgan ilovalar yana ikkitaga ko‘paydi

Windows'ga ichki o‘rnatilgan ilovalar yana ikkitaga ko‘paydi

Windows 11 Dev Channel insayderlari navbatdagi 22572 versiya yangilanishini ikkita yangi ilova bilan qabul qilishdi. Ulardan biri Clipchamp - taniqli onlayn video tahrirlash xizmati bo‘lib, o‘tgan yili Microsoft bu xizmatni sotib olganini e’lon qilgan edi. 

Windows 11 chiqarilganida esa Clipchamp ikonkasi Start menyusida mavjud edi va unga bosilganida Clipchamp veb ilova sifatida yuklab olinar edi. Endilikda siz ilovani yuklab olinishini kutib o‘tirmaysiz, chunki u endi operatsion tizimga ichki o‘rnatilgan holda keladi, ammo u veb ilova sifatida ishlaydi. Ilovada videoni kesish, bo‘lish, tranzitsiyalar, animatsiyali matn qo‘shish va shu bilan birgalikda kamera va ekranni yozib olish xususiyatlari mavjud. 

Agar Microsoft akkauntingizda oilangiz guruhini yaratgan bo‘lsangiz, navbatdagi yangi ilova - Family bilan akkauntingizdagi oilangizga oid sozlamalarni o‘zgartirishingiz mumkin bo‘ladi. Masalan, ilova ichida ularning profillarini ko‘rib turishingiz, bolalar uchun ekran vaqtini sozlashingiz, hattoki, oila a’zolaringiz qayerdaligini real vaqtda ko‘rishingiz mumkin bo‘ladi. Family faqat Windows Home foydalanuvchilari uchun bo‘ladi, Windows Pro foydalanuvchilari ilovani Microsoft Store'dan yuklab olishlari mumkin bo‘ladi. 

Shuningdek, printerda chiqarish uchun yuborilgan fayllarni ko‘rsatib turuvchi Print Queue oynasi Windows 11 stilida qayta dizaynlangani va u endi qorong‘i rejimni ham qo‘llab-quvvatlashi ma’lum qilindi. Quick Assist va Windows Sandbox, ilovalari ham endi Fluent stilida qayta dizaynlangan ikonkaga ega. "Bezovta qilinmasin" rejimi yoqilganda o‘ng pastki burchakdagi bildirishnomalar belgisi ham endi yangi dizaynlangan belgiga o‘zgaradi. 

Ushbu yangiliklar faqat Windows 11 Dev Channel insayderlari uchun mavjud bo‘lib, tez orada barqaror versiyada barchaga chiqariladi. 

O‘QING: Mac Studio - Apple tomonidan yaratilgan eng kuchli kompyuter

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.