WMC-2017: 10 yadroli Helio X30 protsessori namoyish qilindi

WMC-2017: 10 yadroli Helio X30 protsessori namoyish qilindi

Bugun MediaTek kompaniyasi Barselonada o‘tkazilayotgan Jahon Mobil Kongressida 10 yadroli, texno-jarayoni 10 nanometrni tashkil qiluvchi Helio X30 protsessorini rasman jamoatchilik e’tiboriga taqdim etdi. Yangi chipset avvalgilariga qaraganda mobil qurilma quvvatini 50%ga tejab, samaradorligini 35%ga oshiradi.

Protsessor ma’lumotlarni qayta ishlovchi 3 ta jamlanma (klaster)dan iborat. Ya’ni, protsessor chastota tezligi 2,5 GGs bo‘lgan 2 ta Cortex-A73, chastota tezligi 2,2 GGs bo‘lgan 4 ta Cortex-A53 hamda chastota tezligi 1,9 GGs bo‘lgan 4 ta Cortex-A35 yadrolaridan tashkil topgan.

X3’da ishlash tezligi 800 MGs bo‘lgan 4 yadroli PowerVR 7XTP-MP4 videokartasi o‘rnatilgan. U Mali videochipidan 2,4 marotaba tezkor ishlaydi. Shuningdek, ushbu protsessor Helio X20’ga qaraganda 60% kamroq quvvat yeydi. Qolaversa, protsessor 10 razryadli 4K2K HDR10 sig‘imli videoni dekodirovka qilish salohiyatiga ega.

Chipsetning yadrolarini firmaning CorePilot 4.0 texnologiyasi boshqaradi. Natijada, smartfon va ilovalar o‘rtasida tezkor va samarali aloqa o‘rnatiladi, shuningdek mobil qurilmaning quvvatni sarflash darajasi kamayadi.

Helio X30 tezkor xotira sig‘imi 8 GB.gacha bo‘lgan LPDDR4x va UFS 2.1, eMMC 5.1 turidagi qo‘shimcha xotiralarni qo‘llab-quvvatlaydi. MediaTek’ning ushbu protsessori smartfonga sig‘imi 28 megapikselgacha bo‘lgan mobil kameralarni o‘rnatish imkonini beradi. Yoki devaysga har biri 16 MP bo‘lgan qo‘sh kameralarni ham o‘rnatish mumkin.

Helio X30’da ishlaydigan ilk smartfonlarni 2017 yilning 2-choragidan boshlab xarid qilish mumkin.