World of Tanks qanday dunyoga keladi? Kompaniya ofisiga sayohat

World of Tanks qanday dunyoga keladi? Kompaniya ofisiga sayohat

So‘nggi yillarda onlayn komyuter o‘yinlar tobora ommalashib bormoqda. Shularning ichida bizning o‘zbek o‘yinsevarlarimizga ham manzur bo‘lgani World of Tanks'dir. Qaysi o‘g‘il bola tank ichiga tushib, dushmanlar dodini berishni istamaydi?

World of Tanks onlayn o‘yini Wargaming kompaniyasi mahsuloti bo‘lib, uning ofisi Belorus poytaxti Minsk shahrida joylashgan. Novoye Vremya nashri xodimlari ushbu ofisga tashrif buyurib, o‘yinning yaratilish jarayonini bevosita kuzatdilar.

World of Tanks onlayn o‘yin bo‘lgani sababli yangilanishlar ustida olib borilayotgan ishlar bir zumga ham to‘xtamaydi.

WoT’ning eng muhim qismi bo‘lgan ovoz effektlari ustida yetti kishidan iborat jamoa ish olib boradi. Ular jang sahnalaridagi ovoz efektlarini yanada jonli chiqishiga harakat qiladilar. To‘laqonli musiqa zarur bo‘lsa, 50 musiqachidan iborat orkestr yordamga keladi. Ovoz effekti ustalari ish juda og‘ir va mas’uliyatli ekanligini aytadilar. Ulardan birining aytishicha, birgina o‘q tovushini sifatli chiqishini ta’minlash uchun uni bir kunda 250 marta ham tinglab ko‘rishga to‘g‘ri kelgan vaziyatlar bo‘lar ekan. Ular ish vaqti tugagandan so‘ng tinch joyda dam olishni istashar ekan.

 

Keyingi navbatda grafik dizaynerlar xonasiga kirgan Novoye Vremya xodimari bu yer soch quritish uskunasi kabi issiqlik chiqarib yotgan ulkan kompyuterlar bilan to‘la ekanini aytadilar.

Mazkur ishda eng mas’uliyatli va og‘ir vazifa aynan grafik dizaynerlarga tegishlidir. Aynan ular geymerlarning sevimli tanklari modellarini yaratadilar.

Birgina tank modelini yaratish uchun dizaynerlar bir oydan yarim yilga qadar vaqt sarflaydilar. Modelni yaratishdan oldin ular tarix muzeylariga borib, tarixchilar bilan suhbatlashadilar. Yaratilajak modelning asl prototipini sinchiklab o‘rganib chiqadilar. Shundan so‘ng tankning barcha detallari aniq ko‘rinib turgan ixcham maketi yasaladi va u doimo dizaynerning ish stolida turadi. Maket dizaynerga yasalayotgan grafik modeldagi detallarni unutib qoldirmaslikka yordam beradi.

Tankning grafik modeli tayyor bo‘lgandan so‘ng unga sayqal beriladi. Ammo bu sayqallash modelni yanada chiroyli qilishni nazarda tutmayi: dizaynerlar tankning ba’zi joylarini snaryad tekkandek pachoq qiladilar, tank zanjirlarini zang, loy yoki chang bilan qoplaydilar. Natijada tankning grafik modeli o‘yin davomida haqiqiy jang ichida yurgan harbiy mashinadek ko‘rinadi.

Dizaynerlarning aytishicha, ular Strv-103b tankining o‘yindagi modelini yaratish uchun Shvetsiyadagi muzeyda saqlanayotgan prototipni har xil rakursdan 800 marta suratga olganlar. Tankning grafik modeli tayyor bo‘lgandan so‘ng uni o‘yinga qo‘shib bo‘lmagan. Sababi tank shu darajada aniq detallar bilan tasvirlanganidan uning hajmi og‘irlashib, o‘yinni qotirib qo‘ygan. Natijada dizaynerlar modeldagi detallarni yengillashtirishga majbur bo‘lganlar.

Yaratuvchilarga ko‘ra, o‘yin yaqindan Core dvijogiga o‘tkazilibdi. Yangi dvijok jang bo‘lib o‘tadigan jang maydonlarini yanada kengaytirishga imkon berar ekan. Endilikda jang xaritalari kengligi 16 kilometrga oshib, maydonning chetlari tuman yoki tog‘lar bilan berkitilishiga ehtiyoj qolmaydi. Geymerlar o‘z mashinalarini yanada erkinroq harakatlantirishlari mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, yangi dvijok atrof-muhitning yanada tabiiyroq ko‘rinishi, detallarning yanada aniqroq ko‘rinishini ta’minlaydi.

Wargaming jamoasida nafaqat musiqachilar, ovoz effekti ustalari, grafik dizaynerlar, balki ruhshunoslar, jamiyatshunoslar va interfeys dizaynerlari ham faoliyat yuritadi. Ruhshunoslar va jamiyatshunoslar geymerlarning xulq-atvori, o‘zini tutishini o‘rganib borsa, interfeys dizaynerlari muxlislar tomonidan qoldirilgan izohlar orqali, ularning xohish-istagini o‘rganib chiqadi va bu asosida o‘yinga o‘zgartirishlar kiritiladi.

O‘yinning yangilangan talqinini sinab ko‘rish uchun butun boshli geymerlar jamoasi taklif qilinadi. Bunday jamoa uchun, asosan, 35 yoshlardagi erkaklar tanlab olinadi. Yaratuvchilar test jarayonlariga umuman ta’sir ko‘rsatmaydi va barcha xulosalar geymerlarning izohlari asosida qabul qilinadi.

Test davomida yaratuvchilar geymerlarning yuz ifodalarini sinchiklab kuzatadilar. Agar geymer o‘yinning biror qismida norozini kayfiyatga tushsa, yaratuvchilar shu qismni o‘zgartirishga harakat qiladilar.

Shu sababli yaratuvchilar World of Tanks'ni geymerlar tomonidan geymerlar uchun yaratilgan o‘yin, deb ataydilar.

16 qavatli Wargaming kompaniyasida 2,000 nafardan ziyodroq xodim ishlaydi. Frilanserlar bilan hisoblaganda, World of Tanks o‘yinini yaratish ustida deyarli 4,000 ga yaqin odam mehnat qiladi. Xodimlarning 70 foizi erkaklar bo‘lsa, qolgan 30 foizini ayollar tashkil qiladi.

Wargaming jamoasiga qo‘shilishdan oldin talabgor uch oylik sinov muddatidan o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Sinov muddati kvest ko‘rinishida shakllantirilgan. Bu vaqt davomida xodimlar amaliyotchiga ta’sir o‘tkazmaslikka harakat qiladilar. Har bir masalaga yechimni amaliyotchining o‘zi topishi lozim bo‘ladi. Uch oy davomida eng ko‘p ball to‘play olgan amaliyotchi jamoaga qabul qilinadi.

Bundan tashqari kompaniya qoshida yosh dasturchilar maktabi ham ochilgan. Ushbu maktabni a’lo natijalar bilan bitirgan talabalar hech qanday sinov muddatisiz jamoaga qabul qilinish imkoniga ega bo‘ladi.

Kompaniya ofisiga tashrif buyurgan har qanday mehmon shu yerda ishlab qolishni orzu qiladi. Devorlar World of Tanks lavhalari bilan bezatilgan, kutish zali va xonalar esa tanklar, samolyotlar maketlari bilan to‘la. Liftlarda ham ayni manzaraga guvoh bo‘lish mumkin.

Kompaniyadagi faoliyat davomida xodimlarga hech qanday bosim o‘tkazilmaydi, ularga keng ijod erkinligi beriladi. O‘yinning kelgusi yangilanishlarga bag‘ishlangan yig‘ilishlardan birida ishtirok etgan Novoye Vremya jurnalistlari aksariyat xodimlar bemalol smartfonlarida o‘ynab o‘tirgani, lekin rahbarlar bu holatga zarracha e’tibor qaratmaganidan hayratga tushganlar.

Siz ham ushbu o‘yin muxlisimisiz? Izohlaringizni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda kutamiz.