Xakerlar “hujum qilgan” qozoq biznesmeni smartfon ishlab chiqarishga pul tikadi

Xakerlar “hujum qilgan” qozoq biznesmeni smartfon ishlab chiqarishga pul tikadi

Britaniya-Isroil mamlakatlarining qo‘shma loyihasi hisoblangan Sirin startapi may oyidan boshlab kompaniya va muassasalar rahbarlari uchun ultra texnologiyali ilg‘or smartfonlar ishlab chiqarishni reja qilmoqda. Bu haqda Reuters’ning Isroil bo‘linmasi xabar bermoqda.

Maxsus qimmatbaho smartfonni ishlab chiqarish uchun $72 million mablag‘ to‘plangan va ilk do‘konning Londonda tashkil qilinishi ko‘zda tutilgan.

“Bugungi zamonda eng muhimi kiber xavfsizlik. Ayniqsa, rahbarlar har qanday moddiylikdan qimmat ma’lumotlarni gadjetlarida saqlashlari tayin. Shunday ekan, smartfonning narxi ular uchun o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Biz ishlab chiqarayotgan smartfon esa jangovar darajadagi mustahkam himoya tizimiga ega bo‘ladi,” deydi Sirin’ning hamasoschisi Moshe Hogeg.

Smartfon Android tizimida ishlaydi va uni taxminan $20,000 dollardan sotilishi mo‘ljallanmoqda.

Sirin’ni moliyalashtirishda Xitoyning Renren kompaniyasi bilan birga, qozog‘istonlik tadbirkor Kenges Rakishev ham hissa qo‘shgan.

Ma’lum qilinishcha, 2013 yilda Rakishevning qo‘l telefoni xakerlar hujumiga uchragan va u Moshe Hogegga yuqori darajada himoyalangan tizimga ega smartfon ishlab chiqarish taklifini bildirgan.

Loyiha asoschilarining ma’lum qilishicha, xalqaro smartfonlar bozoridagi $1.1 milliard dollar hisobidagi mablag‘ aynan qimmatbaho gadjetlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Ular yaqin yillarda smartfon bozorida Apple kabi nufuzga erishishlarini ta’kidlab, jamiyatni terrordan emas, balki axborot xurujlaridan himoya qilish maqsadida ekanliklarini aytishgan.

Misol uchun, Britaniyaning Vertu kompaniyasi $10,000 dan $300,000 dollargacha bo‘lgan smartfonlarni sotuvga chiqarsa, Apple’ning iPhone 5 Black Diamond smartfoni talqini $15.3 million dollarga sotilgan. Ularning aksariyatida qimmatbaholik ichki tizim emas, ularning sirtida foydalanilgan qimmat toshlar tufaylidir.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!