Xakerlar smartfonni ultratovush yordamida buzib kira olishadi! (+video)

  •   DiMaX
  •  1211
  •  08.09.2017 12:24

Xakerlar smartfonni ultratovush yordamida buzib kira olishadi! (+video)

Innovatsion texnologiyalar rivojlanib, «aqlli» gadjetlar turi ko‘paydi, ovoz bilan boshqariladigan smart-yordamchilar esa katta tezlikda tarqalib bormoqda. Ular hayotimizni yengillashtirayotgani – bor gap, ammo masalaning ikkinchi tomoniga ko‘pchilik e’tibor qaratmagan ko‘rinadi, deb yozadi Fastcodesign sayti.

Xitoylik mutaxassislarning aniqlashlaricha, Alexa, Siri, Cortana va Google Assistant singari yordamchilar gadjet egasining ruxsatini kutib o‘tirmasdan, hatto unga bildirmasdan ham turli amallarni bajara olishar ekan. Xakerlar inson qulog‘iga eshitilmaydigan ultratovush to‘lqinlari yordamida bunga erisha olishgan.

Ovozsiz o‘g‘ri

Har qanday to‘lqin kabi, tovush ham keng diapazondagi chastotalarni qoplab oladi, bizning qulog‘imizga esa ularning ma’lum bir qismigina eshitiladi. Chastotasi 20 gersdan past va 20 kilogersdan baland bo‘lgan tovush to‘lqinlarini inson qulog‘i shunchaki ilg‘ay olmaydi.

Biroq smartfonlardagi (va «aqlli» kolonkalardagi) mikrofonlar esa, mazkur diapazondan tashqaridagi tovushlarni ham xuddi bizning ovozimizdek «eshitish»ga qodir. Afsuski, ularning mazkur qobiliyatidan yovuz niyatli kishilar foydalana olishadi. Xakerlar gadjet foydalanuvchisiga bildirmagan holda, unga ultratovush to‘lqini yordamida turli buyruqlarni berishi va turli amallarni bajartirishi mumkin.

Bu qanday ishlaydi?

Tadqiqotchilar atigi bir necha dollarlik qismlardan shunday buyruq beruvchi moslama yasashga muvaffaq bo‘lishdi. Bu jihoz yaqin masofadan turib istalgan ovozli yordamchini ishga tushira oladigan, uni muayyan harakatlarni bajarishga majbur etadigan bo‘lib chiqdi.

Masalan, shu jihoz bilan ovozli yordamchi orqali smartfonga buyruq berib, uni ziyonkor veb-saytga kirishga majburlaydi. Qarabsizki, gadjetga o‘sha saytdan virus o‘tib qoladi. Yoki, o‘z hisobidan falon hisobraqamiga falon miqdorda pul o‘tkazishini so‘rab bankka SMS-xabar yubortirish mumkin. Buyog‘i ketdi...

Radius cheklangan

Bu usul bilan qurilmalarni buzib kirishda bittagina muammo mavjud – jinoyatchi jinoyat ob’yekti bo‘lgan devaysga yaqin joylashgan holdagina uni buzib kira oladi. Mutaxassislar yaratgan jihoz ultratovush orqali buyruqlarni yarim metrlik masofagagina uzata oladigan bo‘lib chiqdi.


Biroq keyinchalik kimdir shu texnologiyani rivojlantirib, kuchliroq moslama yasab olmasligiga ham kafolat yo‘q-da!

Texnologiyalar kabi xakerlar ham «o‘smoqda»

Afsuski, ovozli yordamchilarni ishlab chiquvchi kompaniyalar ularni inson qulog‘i eshitadigan diapazondan tashqaridagi tovushlarni «eshitmaslik»ka o‘rgata olishmas ekan. Chunki mazkur platformalar ovozli buyruqlarni yaxshiroq tahlil etish uchun bizga eshitilmaydigan, yuqori chastotalarni qo‘llaydi.

 Raqamli qurilmalarni buzib kirish uchun turli usullarni izlashdan va o‘ylab topishdan tap tortmaydigan xakerlar ertami-kechmi himoyadagi ushbu «tuynuk»dan foydalanib qolishlari mumkin. Demak, nafaqat qurilmangizning o‘zidan, balki yon-veringizdagi shubhali shaxslardan ham xabardor bo‘lib turishingizga to‘g‘ri keladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!